CHO‘YANCHI OBOD MASKANGA AYLANMOQDA

[jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp we]

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan joylarda davlat va hududiy dasturlar doirasida hududlar infratuzilmasini yaxshilash bilan bog‘liq loyihalar amalga oshirilmagan manzillarda aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratish maqsadida “Obod xonadon”, “Obod ko‘cha” va “Obod mahalla” mezonlari asosida bunyodkorlik ishlari olib bormoqda. Jumladan, viloyatimizning Kattaqo‘rg‘on tumanidagi Cho‘yanchi, Ishtixon tumanidagi Chag‘atoy, Past Darg‘omdagi Olti qahramon hamda Oqdaryodagi Yangiqo‘rg‘on mahallalarida ushbu tizim asosida keng ko‘lamli qurilish-bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. 4200 nafardan ziyod aholi yashaydigan Kattaqo‘rg‘on tumanining Cho‘yanchi mahallasida bu kabi ezgu ishlar 859 ta aholi xonadonini xatlovdan o‘tkazishdan boshlandi.

Hududdagi elektr, gaz, suv ta’minoti, yo‘llar va ijtimoiy soha obyektlarining holati o‘rganilib, yo‘l xaritasi ishlab chiqildi va har bir masala bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi. - Dastlab mahallamizdagi “Ko‘ktosh”, “Qizbuvi”, “Chashma” va “Xo‘jaturk ota” qabristonlari obodonlashtirildi, - deydi Cho‘yanchi mahallasi raisi Dilshod Saidmurodov. – Mahalladagi 9 kilometr ichki yo‘llar shag‘allashtirildi. Payshanba-Tarnov-Cho‘yanchi yo‘lining 6 kilometr qismiga asfalt yotqizildi. Elektr ta’minotini yaxshilash maqsadida 4600 metr tarmoq tortilib, Tursunxo‘ja qishlog‘iga bitta yangi transformator qo‘yildi. Shuningdek, 4 dona transformator mukammal ta’mirlandi, 77 dona temir-beton ustun o‘rnatildi. Ma’rifat ko‘chasidagi artezian qudug‘i tozalandi, suv nasosi o‘rnatilib, toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi. Suv minorasida ta’mirlash ishlari yakunlanib, 2 kilometr suv tarmog‘i tortildi. 8,5 kilometr optik aloqa tarmog‘i tortildi. “Obod xonadon” mezoni bo‘yicha mahalladagi 321 ta ta’mirtalab uy-joy xonadon egalari va homiylar ko‘magida ta’mirlanmoqda. Mahallada aholi bandligi va doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishini ta’minlash maqsadida 45 nafar ishsiz fuqaro ishga joylashtirildi.

- Davlatimiz rahbarining 2022-yil 21-sentabrdagi “Xotin-qizlar bandligini oshirish va salomatligini mustahkamlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 69 ta mahallada xotin-qizlarning bandligini ta’minlash va salomatligini mustahkamlash markazlari ochilgan, - deydi tuman hokimining o‘rinbosari – oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Sayyora Jumayeva.

 - Cho‘yanchi mahallasida ham ana shunday markaz faoliyat boshlaganiga bir oy bo‘ldi. “Obod xonadon”, “Obod ko‘cha” va “Obod mahalla” mezonlari asosida markazda 25 nafar ishsiz va "Ayollar daftari"dagi xotin-qizlar tikuvchilikni o‘rganmoqda. Tadbirkorlik faoliyatini boshlaganlari ham bor. Ularning bandligini ta’minlash uchun 10 dona tikuv mashinasi berildi va 1 nafariga sartaroshlik asbob-uskunalari topshirilib, 12 nafari kasb-hunarga o‘qitilmoqda. - Ishsiz edim, mahallamizda ochilgan tikuvchilik sexida chevarlikni o‘rgangandim, - deydi Cho‘yanchi mahallasida yashovchi Oliya Haydarova. – Lekin ish boshlashim uchun tikuv mashinasi va zarur jihozlar yo‘q edi. Mahallamizdagi xotin-qizlar faoli ko‘magi bilan “Ayollar daftari”ga kiritildim va zamonaviy tikuv mashinasi, kerakli anjomlar olib berildi. Endi bolalar kiyimlari va pardalar tikishni yo‘lga qo‘yib, tadbirkorlik faoliyatimni boshlamoqchiman.

Mahallada aholining tibbiy madaniyatini yuksaltirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish va turli kasalliklarning oldini olish maqsadida tibbiy ko‘riklar tashkil etilmoqda. Jumladan, hozirgacha tuman va viloyat tibbiyot muassasalari malakali mutaxassislari tomonidan 477 nafar fuqaro tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Kasallik aniqlangan bemorlarning ambulator sharoitda yoki shifoxonada davolanishlari uchun 244 kishiga zarur tavsiya va tibbiy muassasalarga yo‘llanmalar berildi. Bundan tashqari, mahallada oilalardagi ijtimoiy ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, hovli-joylarni toza ozoda saqlash, yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish maqsadida uch avlod uchrashuvlari, “Bir nuroniyga o‘n nafar yosh” tadbirlari, “Zukko kitobxon” tanlovi, intellektual o‘yinlar hamda sport musobaqalari o‘tkazilmoqda.

Fazliddin RO‘ZIBOYEV.

2015-2024 © Каттақўрғон туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM