YANGI YONBOSHSOY – OCHMOQDA CHIROY

[jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp we]

Oqtog‘ tizmasining go‘zal qir-adirlari yon bag‘rida joylashgan so‘lim qishloqning o‘rtasidan ko‘plab buloqlardan hosil bo‘lgan Yonboshsoy  oqib o‘tadi. Qishloq aholisi shu buloqlardan suv ichadi, ekin-tikinlarini sug‘oradi. Qishloq soyning ikki yonboshida joylashganligi bois Yonboshsoy nomini olgan bo‘lsa ajabmas.

Yonboshsoy mahalla fuqarolar yig‘ini hududida Yonboshsoy qishlog‘i va uning  atrofidagi Qo‘rg‘on, Oqsoqolovul, Botmon, Gala, Umrovli, Chorpara, Beshbuloq, Daraovzi, Talliqul, Quduqli qishloqlari joylashgan. Mahalla aholisi 5224 kishidan ortiq bo‘lib, ular asosan chorvachilik, uzumchilik bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, lalmi yerlarda bug‘doy yetishtiradi. Yonboshsoy MFYda 69, 78, 70, 71, 101-umumiy o‘rta ta’lim maktablari, 3 ta davlat hususiy davlat sherikchikligi asosidagi maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyat olib bormoqda. Yonboshsoy bozori xalqqa xizmat qilib kelmoqda
Kattaqo‘rg‘on tuman hokimi Jamshid Nasriddinov «Obod qishloq» hamda «Obod mahalla» davlat dasturlari ijrosi doirasida qilinishi lozim bo‘lgan ishlar bo‘yicha o‘tgan yilning 12-aprel kuni Yonboshsoy MFYda yig‘ilish o‘tkazgandi. Tuman hokimi yig‘ilishda Yonboshsoy tuman markazidan ancha olisda bo‘lsa-da aynan “Obod qishloq” dasturiga kiritilganligini va  dasturda belgilangan vazifalar, albatta,  bajarilishini ta’kidlagandi. Yig‘ilishda mahallada obodonlashtirish, aholi bandligi ta’minlash, elektr energiyasi muammolarini bartaraf qilish maqsadida 368 dona tayanch ustun, 1 ta transformator o‘rnatilishi, 2 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi ta’mirlanib, 1 ta bog‘cha, 1 ta OSHP qurilishi, toza ichimlik suvi, ichki yo‘llarga asfalt yotqizish ishlari amalga oshirilishi aytib o‘tilgandi.
Shuningdek, mahallada kutubxona, savdo do‘konlari, ochiq osmon ostidagi sport maydonchasi, hammom, sartaroshxona, ayollar go‘zallik salonlari, piyodalar yo‘lagi qurilib, tungi yoritgichlar o‘rnatilishi hamda 70 sotix yerda mahalla bog‘i barpo etilishi belgilab olingandi. Shundan buyon tuman hokimi Yonboshsoy mahallasida tez-tez bo‘lib, mahalla nuroniylari, faollari va tadbirkorlari bilan uchrashdi,dastur doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishadi.
Ayni paytda Yonboshsoyni obod qishloqqa aylantirilishi, obod mahalla qiyofasiga kiritish maqsadida “Obod qishloq” dasturida belgilangan vazifalar birin-ketin amalga oshirilmoqda va ushbu hududlarda ish qizg‘in ketmoqda.
Hozirda Yonboshsoyda 50 km tosh yo‘l, 3.5 km asfalt, 60 o‘rinli zamonaviy bog‘cha, yangi mahalla, ichimlik suvi, tungi yoritish chiroqlari, piyodalar yo‘lagi, tibbiyot punkti qurildi. 71-maktab yangi ta’mirdan chiqarildi. Tadbirkorlik sub’yektlari yo‘lga qo‘yilmoqda. "Yonbosh" jome’ masjidi qurilishi davom etmoqda. Tuman hokimligi va yonboshsoylik saxovatpesha inson Muxtor Rajabov tomonidan Yonboshsoy mahallasi binosi qurilib, foydalanishga topshirildi. Shuningdek, umrida asfalt ko‘rmagan, yozda chang, qishda loy qishloq ko‘chalariga 3.5 km asfalt yotqizildi, beton ko‘chalar qilinib, ichki ko‘chalariga tosh yotqizilmoqda. Endi quyosh panelli yoritgichlar "Yonboshsoy" ko‘chalarini yorug‘ qiladi. Chunki, Obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan 50 dona quyosh panelli tungi yoritish chiroqlari o‘rnatildi. Quyosh panelli yoritgichlar elektr energiya va mablag‘larini iqtisod qiladi. Yonboshsoy mahallasidagi nosoz o‘rnatilgan 55 ta elektr tayanch ustunlari yangisiga almashtirilib, elektr bilan bog‘liq muammolar joyida bartaraf etilmoqda.
Yonboshsoyda tadbirkor Jahongir Shomurodov tomonidan tashkil qilingan "Muslimbek 474" MCHJ tikuvchilik sexi faoliyatini boshladi. Tikuv sexida 15-20 nafar xotin-qizlar ishli bo‘ldi. Ular tikkan erkaklar kiyimlari Toshkent bozorlarida sotilmoqda. Yonboshsoylik Tojixol Odilova esa 22 nafar xotin-qizlarni ish bilan band qildi. Tojixol opa milliy hunarmandchilik bilan shug‘ullanib, gilam to‘qimoqda. Qolaversa, ko‘rpa-to‘shak, erkaklar belbog‘i tikib daromad ko‘rmoqda.
Tuman hokimligi va Bandlikka ko‘maklashish markazi ko‘magi bilan Yonboshsoy mahallasida yashovchi Shoira Muhammadiyeva tomonidan xotin-qizlarni tikuvchilik yo‘nalishiga ixtisoslashtirilgan tadbirkorlik hamda kasb-hunarga o‘qitish markazi yo‘lga qo‘yildi. Hozirda qishloqda yashovchi ishsiz xotin-qizlar o‘quv kursiga jalb qilinmoqda. Shuningdek,tadbirkor Muhiddin Narzullayev tomonidan ochilgan  oziq-ovqatga mo‘ljallangan mini market xalqqa savdo xizmati ko‘rsatib kelmoqda. 
Viqorli tog‘lari, so‘lim bog‘lari, jo‘shqin soylari bilan go‘zal Yonboshsoy mahallasida uzoq yillik tarixga ega Langar ota va Shidakbobo ziyoratgohlardan qishin-yozin ziyoratchilarning qadami uzilmaydi.
Ha, mamlakatimizni barqaror rivojlantirish, aholi turmush farovonligini oshirish va ularning bugungi yashayotgan kunidan rozi bo‘lib, ertangi kunga qat’iy ishonch bilan yashashini ta’minlashda albatta, mahallalarning o‘rni beqiyos. Shu bois ham «Obod qishloq» hamda «Obod mahalla» davlat dasturlari doirasida Yonboshsoyda olib borilyotgan ishlar xususida qisqacha to‘xtalib o‘tdik.Bir so‘z bilan aytganda,yangi Yonboshsoy - ochmoqda chiroy. Bunday obodonchilik, bunyodkorlik, qurilish ishlari tumanning boshqa mahallalarida ham dastur doirasida jadal olib borilmoqda.
 

Eshpo‘lat SAFAROV.

2015-2024 © Каттақўрғон туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM