O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasini butun O‘zbekiston xalqi katta hayajon va qiziqish bilan kuzatdi. Prezidentimizning so‘zlari xalqimizga katta umid va ishonch bag‘ishladi.
Murojaatnomada oltita yo‘nalishda amalga oshirish zarur bo‘lgan eng muhim islohotlar ilgari surildi va bularning barchasi Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot yo‘lida muhim ahamiyat kasb etadi. Yurtboshimiz amalga oshirish ko‘zlanayotgan har bir masalani tilga olar ekan, bu borada deputatlarni yanada faol, e’tiborli bo‘lishga chorladi . «Deputat va senatorlar, mahalliy kengashlar ham bong urib, aniq sohalarni tahlil qilib, korrupsiyani bartaraf etish bo‘yicha faol bo‘lishlari kerak emasmi? Har bir deputat o‘zining okrugidagi byudjet hisobidan bo‘layotgan qurilishlar, yo‘llarni, har oyda borib ko‘rsa, buyurtmachi va pudratchidan sifatni talab qilsa, bilasizlarmi, ahvol qanday o‘zgaradi? Buning uchun sizlarda yetarli vakolat ham, shijoat ham bor»,-deya ta’kidladi Prezidentimiz. Bu so‘zlar o‘z navbatida deputatlarga mas’uliyat yukini yuklab, qalbimizdagi daxldorlik hissini kuchaytirdi. Murojaatnomaning asl maqsadi ham xalq vakillari bo‘lgan deputatlarni xalqimizga yaqinlashtirish, ularning dardu tashvishlari bilan yashash va fuqarolarning o‘zi saylagan nomzodlariga va siyosiy partiyalarga bo‘lgan ishonchini oshirishdan iboratdir.
Tumanimiz deputatlari ham xalqimiz bilan birgalikda Murojaatnomada tilga olingan barcha masalalarni qo‘llab-quvvatlaymiz, ularni amalga oshirishda, albatta, o‘z hissamizni qo‘shamiz. O‘z vakolatlarimiz doirasida saylovchilar bilan uzviy ish olib borib, Murojaatnomada tilga olingan barcha masalalarni amalga oshirishda barcha deputatlarni faollikka chorlaymiz.
Muhiddin TESHAYЕV,
Xalq deputatlari Kattaqo‘rg‘on tuman Kengashi Kotibiyat mudiri.