insurez
13-06-2024 10:17

Yoshlar oyligi doirasida Nuriya - “Eng faol yoshlar yetakchisi”


Кattaqo‘rg‘on tumanida “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida o‘tkazilayotgan festival kechki payt yakuniy konsert dasturi bilan davom etyapti. Tadbir avvalida mahallalardagi yoshlarning har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishida o‘z hissalarini qo‘shib kelayotgan turli soha vakillari, faol yoshlar munosib taqdirlandi. 
- Ular orasida Saroyqo‘rg‘on mahallasi yoshlar yetakchisi Nuriya Toshmatova ham bor, - deydi viloyat yoshlar ishlari boshqarmasi rahbari Sarvar Boboyev. - U bugun “Eng faol yoshlar yetakchisi” deya e’tirof etildi. Nuriyaxon ayol bo‘lishiga qaramasdan mahallasidagi yoshlarning sportga bo‘lgan qiziqishini oshirishda, ular qalbida vatanparvarlik hissini uyg‘otishda hissasi katta. Birgina shu yilning o‘zida 10 nafar yoshni muddatli harbiy xizmatga borishiga ko‘maklashdi. 
Konsert davomida taniqli san’atkorlarning chiqishlari ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

5 ming kishi 5 ming qadam bosdi
Kattaqo‘rg‘onda tashkil etilgan festival erta tongdan ''Sog‘lom hayot uchun 5 ming qadam'' shiori ostidagi yurish marafoni bilan boshlandi. 
Har yili yoshlar festivali doirasida tashkil etiladigan yurish marafoni ham shu yo‘lak bo‘ylab o‘tkazilishi an’anaga aylangan. Bugungi marafonda o‘tgan yilgiga nisbatan qariyb ikki baravar ko‘p, ya’ni 5 ming nafarga yaqin kishi ishtirok etdi. Bu festivalning yildan-yilga nufuzi ortib borayotganidan darak.

Rahbarlar Kattaqo‘rg‘on tumani yoshlarini tingladi

Festival Kattaqo‘rg‘on tumanida ham “Sog‘lom hayot uchun 5 ming qadam” yurish marafoni bilan boshlandi va madaniy-ma’rifiy tadbirlar, tanlov hamda musobaqalar, turli ko‘rgazmalar bilan davom etdi. Ana shunday tadbirlardan biri ''Rahbar va yoshlar uchrashuvi''da 100 nafardan ortiq yigit-qizlar ishtirok etdi. Ularning 10 nafarga yaqini tumanda yoshlar markazi qurilishi, qishlog‘ida badiiy kitoblarga boy kutubxona tashkil etilishi, stol tennisi bo‘yicha musobaqalar tashkil etilishi va boshqa shu kabi masalalar bo‘yicha rahbarlarga murojaat qildi.
Rahbarlar o‘rtaga tashlangan masalalarning barchasi hal etilishiga va’da berdi.
Viloyat yoshlar ishlari boshqarmasi boshlig‘i Sarvar Boboyev bugun yoshlar mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanish kerakligini aytdi va zaldagilar orasida kimlar ''Ibrat farzandlari'' loyihasi haqida ma’lumotga ega ekanligini so‘radi.
- Bu savol men uchun ham qiziq,  - dedi tuman hokimi J.Nasriddinov. - O‘zim aynan shu dasturni telefonimga o‘rnatganman. Qani, shu haqida bilganlar qo‘lini ko‘tarsin-chi?
Bor-yo‘g‘i 20 nafar yosh qo‘lini ko‘tardi. Agar bugun festivalda yoshlar faol ishtirok etsa aynan ''Ibrat farzandlari', ''Ustoz AI''  va ''Mutolaa'' kabi yangi loyihalar haqida ma’lumotga ega bo‘lishini aytdi. Sababi festival doirasida ushbu loyihalarning taqdimotlari ham o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Nisbat mahallasi - “yashil hudud”

Tumanning chekka hududida joylashgan Nisbat mahallasi tinch-osuda va farvon hayot kechirib keladi. O‘tgan ikki yil davomida jinoyat sodir etilmagani uchun bu mahalla “yashil hudud” toifasida.
- Bugun taqdirlanganlar orasida borligimdan xursandman, - deydi mahalla profilaktika inspektori Otabek Fayziyev. - Mana, 4  yildan beri tuman mahallalarida profilaktika inspektori vazifasida ishlab kelaman. O‘tgan yillar davomida men faoliyat yuritgan mahallalarda jinoyatlar sodir etilmadi. Bunda yoshlarning ham o‘rni alohida. Sababi, ular ishtirokida “Qalqon” guruhlari shakllantirilgan. Shu yoshlar va ko‘pni ko‘rgan nuroniylar bilan hamkorlikda mahallamiz hududida turli huquqbuzarliklar, oilaviy janjallarning oldini olishga harakat qilyapmiz.

Kechki payt festival yakuniga bag‘ishlangan konsert dasturi namoyish etildi. Tadbir avvalida mahallalardagi yoshlarning har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishida o‘z hissalarini qo‘shib kelayotgan turli soha vakillari, faol yoshlar munosib taqdirlandi. Taniqli san’atkorlarning chiqishlari ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

 

Teglar
- -