insurez
16-03-2024 10:50


KATTAQO‘RG‘ON TUMANI

KATTAQO‘RG‘ON TUMANI — Samarqand viloyatidagi tuman. 1926 y. 28 sen-t. da tashkil etilgan. Shim. dan viloyatning Ishtixon, Jan.-sharkdan Nurobod, g‘arbdan Narpay, sharqdan Pastdarg‘om, shim.-g‘arbdan Navoiy viloyatining Xatirchi tumanlari bilan chegaradosh. Mayd. 1,47 ming km2. Aholisi 189 ming kishi (2002). Tumanda 2 shaharcha (Suv Ombori, Payshanba) va 11 qishloq fuqarolar yig‘ini (Girdiqo‘rg‘on, Durbesh, Kattako‘rpa, Kattaming, Kichikmindiyon, Jumaboy, Moybuloq, Omonboy, Saroyqo‘rg‘on, Yangiqo‘rg‘oncha, Qo‘shtepa) bor. Markazi Payshanba shaharchasi.

Tabiati. Relefi, asosan, yassi tekislikdan iborat bo‘lib sharqdan g‘arbga nishab, O‘rtacha bal. 450 m. Shim. chegarasi bo‘ylab Qoradaryo, jan. chegarasi bo‘ylab Oqdaryo kanali oqib o‘tadi. Ikki daryodan chiqarilgan Miyonkol, Shavat, Toss, Narpay ariklari asosiy sug‘orish manbaidir. Tuman hududida barpo etilgan Kattaqo‘rg‘on suv ombori («Kattaqo‘rg‘on dengizi»)ning xo‘jalikdagi ahamiyati katta. «Kattaqo‘rg‘on dengizi»da baliqchilik xo‘jaligi tashkil etilgan. Iqlimi kontinental. Yozi issiq, quruq, qishi mo‘tadil sovuq. Yillik o‘rtacha t-ra 13°, yanv. da —1,9°, iyulda 29,1°. Maksimal t-ra 44°, minimal t-ra —35°. Kuzda dastlabki sovuqlar okt. ning birinchi o‘n kunligidan boshlanadi. Sovuq bo‘lmaydigan davr 177 kun. Jan.-sharqiy va sharqiy shamollar esib turadi. Yillik o‘rtacha yog‘in miqdori 282 mm. Yog‘inning ko‘p qismi bahor va qishda yog‘adi. Ba’zan qattiq jala quyadi. Tuproqlari och tusli, oddiy yoki tipik bo‘z tuproq bo‘lib, azaldan sug‘orib kelingan. Yovvoyi o‘simliklardan kampirchopon, eshakmiya, g‘umay, semizo‘t, sho‘ra, ituzum, chitir, oqquray, karrak, yantoq, yalpiz, na’matak, chirmovuq va b. o‘sadi. Yovvoyi hayvonlardan bo‘ri, tulki, quyon, chiyabo‘ri, jayran, jayra; qushlardan so‘fito‘rg‘ay, qirg‘ovul, loyxo‘rak, chumchuq, chug‘urchiq, zarg‘aldoq, tustovuq, o‘rdak, mayna, sudraluvchilardan gekkon kaltakesagi, toshbaqa, sariq ilon, echkemar, kemiruvchilardan ko‘rsichqon, kichik qo‘shoyoq, qumsichqon, kalamush, sichqon, yumronqoziq, qunduz va b. uchraydi.

Aholisi, asosan, o‘zbeklar; shuningdek, tojik, rus, tatar, qozoq, koreys, arman va b. millat vakillari ham yashaydi. Aholining o‘rtacha zichligi 1 km2 ga 128,6 kishi (2002). Shaharliklar 25,6 ming kishi, qishloq aholisi 163,4 ming kishi (2002).

Tuman xo‘jaligi, asosan, q. x. ga ixtisoslashgan. Sanoat, qurilish, transport, aloqa korxonalari bor. Shirkat xo‘jaliklari paxtachilik, bog‘dorchilik, sabzavotchilik, g‘allachilik, polizchilik, tokchilik, chorvachilik bilan shug‘ullanadi. Tumanda qo‘shma korxona, kichik korxona, aksiyadorlik jamiyatlari, xususiy, shirkat korxonalari mavjud. Hunarmandchilik, qandolatchilik va b. rivojlangan.

Tuman hududi orqali Nukus, Urganch, Buxoro, Navoiy sh. laridan Toshkentga qatnovchi avtobuslar o‘tadi. Kattaqo‘rg‘on tumani markazidan viloyat ichidagi yo‘nalishlar bo‘yicha avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yilgan.

Q. x. ning yetakchi tarmog‘i — paxtachilik. Q. x. da sug‘oriladigan yerlar 25 ming 978 ga, shu jumladan, 13400 ga yerga paxta, 8918 ga yerga g‘alla ekiladi, shuningdek, sholi, beda, poliz, sabzavot ham yetkaziladi. 22 ming ga yerda o‘rmon xo‘jaligi joylashgan, 100 gaterakzor. Kattaqo‘rg‘on tumanida 22 shirkat xo‘jaligi, 343 dehqon-fermer xo‘jaligi bor. Shulardan, «Kattaqo‘rg‘on» parrandachilik aksiyadorlik jamiyati, «Oriyon» parrandachili k fermer xo‘jaliklari unumli ishlamokda. Tuman shirkat va shaxsiy xo‘jaliklarida 55 ming 766 qoramol, 30 ming 826 qo‘y va echki, 389 ming 625 parranda boqiladi (2002). 2001/2002 o‘quv yilida tumanda 97 umumiy ta’lim maktabi bo‘lib, qariyb 50 ming o‘quvchi ta’lim oldi. Shuningdek, kasb-hunar maktabi, litseyi, kolleji, musiqa maktablari faoliyat ko‘rsatadi. 58 kutubxona, 23 madaniyat uyi, 3 muzey mavjud.

560 o‘rinli kasalxona va b. tibbiy muassasalarda 198 vrach, 828 o‘rta ma’lumotli tibbiy xodim ishlaydi.

«Kattaqo‘rg‘on haqiqati» tuman gaz. 1931 y. dan chiqadi.

KATTAFOP — Chilustun tog‘ tizmasining shim. yon bag‘rida (Andijon viloyati Xo‘jaobod tumani), 1025 m balandlikda joylashgan. Devon davriga mansub ohaktoshlarda hosil bo‘lgan. G‘orning ravoqsimon shakldagi ikkita kirish qismidan katta xonag‘a o‘tiladi. Bu xonaning to‘rida bir qancha yo‘laklar va kichik xonalar (uz. 8 m, eni 2 m) bor. G‘orning kirish qismidan to oxirigacha saqni ko‘tarilib boradi, gil, tosh parchalari bilan qoplangan. G‘orning umumiy uz. 70 m ga yaqin, mayd. 238 m2, hajmi 1824 m3. G‘orda yovvoyi kaptarlar va ko‘rshapalaklar yashaydi.

 

Teglar
Insurance Policy