insurez
24-01-2025 12:25

Xalq deputatlari Kattaqo‘rg‘on tumani Kengashining VII chaqiriq beshinchi sessiyasi o‘tkazildi


Bugun, 2025 yil 24 yanvar kuni, Xalq deputatlari Kattaqo‘rg‘on tumani Kengashining VII chaqiriq beshinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiya tuman hokimi va Kengash raisi Jamshid Nasriddinov boshchiligida o‘tkazildi. Unda tumanning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga qaratilgan qator muhim masalalar muhokama qilindi.

Sessiyada dastlab, tuman Kengashi va uning doimiy komissiyalarining 2025 yilga mo‘ljallangan ish rejasi tasdiqlandi. Mazkur reja tuman taraqqiyotiga xizmat qiladigan ustuvor vazifalarni o‘z ichiga olgani bilan ahamiyatlidir.

Shuningdek, 2024-2025 yil novegatatsiya davri uchun suv iste’molchilariga ajratilgan suv miqdori ham tasdiqlandi. Ushbu qaror suv resurslaridan samarali foydalanish imkoniyatini yaratishga qaratilgan.

Suv resurslari va yer qa’ridan foydalanganlik uchun qo‘llaniladigan koeffisiyentlar bo‘yicha masala muhokama qilindi va tegishli qarorlar qabul qilindi.

Ayrim ko‘chalarning nomlash va qonun talablariga muvofiqlashtirish bo‘yicha takliflar ham ko‘rib chiqildi. Mazkur takliflar aholi uchun qulaylik yaratish maqsadida amalga oshirilmoqda.

Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosini nazorat qilish chora-tadbirlari ham sessiya kun tartibidan o‘rin oldi. Bu borada sektor rahbarlarining hisobotlari eshitildi va zarur ko‘rsatmalar berildi.

Sessiyada 2025 yil uchun Kattaqo‘rg‘on tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi muhokama qilindi va tasdiqlandi. Dastur doirasida “Obod xonadon”, “Obod ko‘cha” va “Obod mahalla” loyihalarini amalda joriy etish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, tuman Adliya bo‘limi tomonidan 2024 yilda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot taqdim etildi. Huquqiy tartibotni ta’minlash va qonun ijrosini nazorat qilishga qaratilgan ishlar tahlil qilindi.

Tuman hokimi o‘rinbosari Sh.Isaqulov 2024 yilda amalga oshirilgan investisiya loyihalari yuzasidan hisobot berdi. Ushbu hisobotda sarmoyalarni jalb qilish, yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha natijalar keltirib o‘tildi.

Davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i N.Razzoqov mahalliy byudjet bajarilishi va soliq qarzlarini qisqartirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ma’lumot berdi.

Shuningdek, “Reklama to‘g‘risida”gi qonun talablariga rioya etish holatlari tahlil qilinib, qonunbuzarliklarni bartaraf etish choralari muhokama qilindi.

Sessiya yakunida tuman Iqtisodiyot va moliya bo‘limi 2024 yilda amalga oshirgan ishlar va 2025 yildagi rejalari bo‘yicha hisobot taqdim etdi. Shuningdek, jamoatchilik fikri asosida tadbirlarni monitoring qilish bo‘yicha ishchi komissiyaning hisoboti eshitildi.

Sessiya davomida ko‘rib chiqilgan masalalar bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi. Ular tumanning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shishi kutilmoqda.

 

Teglar
- -