Kattaqo‘rg‘on tuman hokimi Jamshid Nasriddinovning mustaqillik bayrami munosabati bilan tabrigi
Hurmatli tumandoshlar!
Sizlarni mamlakatimiz mustaqilligining 33 yilligi bilan chin qalbimdan tabriklayman. Mustaqillik yillarida Kattaqo‘rg‘on tumanida ko‘plab ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirildi, tumanimiz jadal rivojlanib, xalqimiz hayotida ulkan o‘zgarishlar yuz berdi. Bugungi kunda tumanimizda Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev rahnamoligida amalga oshirilayotgan islohotlar o‘z samarasini berib, barcha sohalarda sezilarli natijalarga erishmoqdamiz.
Tumanimizning so‘nggi asosiy yutuqlariga to‘xtalib o‘tsam:
1. Iqtisodiy rivojlanish:
- 2016-2024 yillar davomida tumanimizning yalpi hududiy mahsuloti hajmi bir necha barobar oshdi. Qishloq xo‘jaligi, sanoat, qurilish va savdo sohalarida ulkan o‘sishlar kuzatildi.
- Kumushkent mahallasida "China Energy International Group Samarkand Cement" xorijiy korxonasi 38 gektar maydonda 351 million dollarlik investisiya bilan ishga tushirildi va 300 doimiy ish o‘rni yaratildi. Buning natijasida syement narxi bozorda keskin tushib, xalqimiz uchun qulay sharoit yaratildi.
- Meylixo‘ja mahallasida BAAning "Masdar" kompaniyasi tomonidan 220 MVt quvvatga ega quyosh fotoelektr stansiyasi qurilib, tarmoqqa ulandi. Stansiya yiliga 500 million kilovatt elektr energiyasi ishlab chiqarishga qodir bo‘lib, bu 208 ming xonadonni elektr energiyasi bilan ta’minlashga yetadi.
2. Bandlik va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash:
- Joriy yilda tumanimizda 857 ta kichik biznes sub’yektlari tashkil etildi, natijada 1503 yangi ish o‘rni yaratildi. Shuningdek, 13214 nafar aholi doimiy va mavsumiy ishlarga jalb qilindi, bu esa aholining turmush darajasini yaxshilashga xizmat qilmoqda.
2. Infratuzilma va kommunal xizmatlar:
- Ichimlik suv ta’minotini yaxshilash maqsadida 8 ta mahalla markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlandi va 90 km yangi suv quvurlari tortilib, suv ta’minoti 59,1 foizdan 63,7 foizga yetkazildi. Bu esa aholining turmush sharoitini yaxshilashda muhim qadam bo‘ldi.
- Yo‘l infratuzilmasini yaxshilash maqsadida joriy yilda yil yakuniga qadar, 39 mahallada 163.6 km yo‘llarni ta’mirlash rejalashtirilgan, shundan 45.7 asfal’t, 117.9 km tosh yo‘l qilish rejalashtirilgan. Bugungi kunga qadar 21 km asfalt va 96.7 km tosh yo‘l, 5.3 km piyodalar yo‘lagi qilindi. Bu yo‘llar aholining qulayligini oshirishga va transport aloqalarini yaxshilashga yordam bermoqda.
- Olis mahallalarda, jumladan, Cho‘yanchi va Melixo‘ja mahallalarida “Obod xonadon – obod ko‘cha – obod mahalla” dasturi doirasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilib, aholining turmush sharoiti yaxshilandi.
3. Sog‘liqni saqlash:
- Sog‘liqni saqlash tizimida ham katta o‘zgarishlar yuz berdi. Yaqinda Milliy tibbiyot markaziga Daniyadan olib kelingan ko‘chma kardiojarrohlik majmuasi yordamida 45 kun davomida Kattaqo‘rg‘on tumanida 2500 nafardan ziyod bemorlar koronarografiya tekshiruviga jalb qilinib, 547 nafarida stentlash amaliyotlari va ochiq yurak operatsiyalari amalga oshirildi.
- Yaqindagina tibbiyot birlashmasiga 360 ming dollar mablag‘ evaziga zamonaviy Multi spiral kompyuter tomografiyasi uskunasi olib kelindi. Bu uskuna turli kasalliklar va jarohatlarni aniqlash, shuningdek, yurak-tomir, o‘pka, jigar, buyrak va boshqa ichki organlarni tekshirish uchun qo‘llanilmoqda, bu esa tez va aniq tashxis qo‘yishda katta ahamiyat kasb etmoqda.
- Joriy yilda 5 ta oilaviy shifokorlik punkti qurildi va 6 nafar shifokorlar Belorussiyada malaka oshirib keldi. Shuningdek, viloyat miqyosida o‘tkazilgan “Eng yaxshi hamshira” tanlovida g‘olib chiqqan hamshiralarimiz bor.
4. Ta’lim sohasi:
- Maktabgacha va maktab ta’limi tizimida ham keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Joriy yilda 14 ta maktab va 6 ta bog‘cha kapital va mukammal ta’mirlanmoqda, bu esa yosh avlodga sifatli ta’lim berishda katta hissa qo‘shmoqda.
Aziz tumandoshlar!
Bugungi kundagi barcha o‘zgarishlar va yutuqlar Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev rahnamoligida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning natijasidir. Bu islohotlar xalqimiz farovonligini oshirishga, mamlakatimizning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishiga qaratilgan.
Shuni alohida ta’kidlamoqchimanki, bizning oldimizdagi asosiy vazifa – Prezidentimiz ta’kidlaganidek, xalqimiz bugun hayotdan rozi bo‘lib, yaxshi yashashi uchun barcha sharoitlarni yaratib berishdir. Biz, barcha tumandoshlar, birgalikda hamjihatlikda ishlab, oldimizda turgan ulkan marralarni egallashga intilishimiz lozim.
Sizlarni yana bir bor mustaqilligimiz bayrami bilan tabriklayman. Har biringizga tinchlik-osoyishtalik, baxt-saodat tilayman. Osmonimiz hamisha musaffo, yurtimiz tinch, mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!
Jamshid Nasriddinov,
Kattaqo‘rg‘on tuman hokimi