Sohil bo‘yi loyihasi yaqinida elita sinfidagi ko‘p qavatli uy foydalanishga topshirildi
Kattaqo‘rg‘on tumanida aholining turmush darajasi va yashash sharoitini yanada yaxshilash maqsadida yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Mirzo Ulug‘bek mahallasida qurilish sohasida katta tajribaga ega bo‘lgan tadbirkor Hakim Dadonov tashabbusi bilan 5 qavatli 40 xonadonli ko‘p qavatli uylar foydalanishga topshirildi.
Ushbu marosimda tuman hokimi Jamshid Nasriddinov, mutasaddi idora vakillari, keng jamoatchilik hamda yangi xonadon egalari ishtirok etdilar. Yangi uylar aholi uchun zamonaviy, qulay va barcha shart-sharoitlarga ega elita sinfidagi xonadonlardan iborat bo‘lib, ushbu hududda quruvchi tomonidan yana shunday ko‘p qavatli uylar qurilishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, Sohil bo‘yi loyihasi doirasida Kattaqo‘rg‘on tumanida Xatirchi kanali bo‘yining 0,6 km qismida keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda.
Loyiha doirasida: “Salomatlik yo‘lagi” va yashil hudud barpo etilishi, 4200 m² qirg‘oq bo‘yini mustahkamlash, 1000 m² avtoturargoh tashkil etish, 40 metrli osma ko‘prik qurish, savdo va servis ob’yektlari, ovqatlanish majmualari hamda aholi uchun ko‘ngilochar maskanlar barpo etilishi ko‘zda tutilgan.
Ushbu loyiha amalga oshishi bilan tuman aholisi va mehmonlari uchun zamonaviy dam olish maskani yaratilib, Kattaqo‘rg‘onning ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga xizmat qiladi.