insurez
24-05-2024 16:59

Shukr va noshukrlik orasi


Munosabat
Shukr va noshukrlik orasi
Siyosatshunos Qudratilla Rafiqovning “Xalq so‘zi” gazetasida e’lon qilingan Shavkat Mirziyoyev: ”Men umrimni shu xalqqa tikkanman!” nomli maqolasini o‘qib, ko‘nglimdan o‘tgan o‘ylar...
Men hayotning pastu balandini, og‘ir-yengilini, sinov- imtihonlarini ko‘rgan odamman.
Davrlarni, yillarni, tuzumlarni, rahbarlarni faoliyatini solishtirishga, fikr bildirishga ozmi-ko‘pmi ma’naviy haqqim bor, deb o‘ylayman.
Bugun bizga eng yetishmayotgan tuyg‘u bu – mening nazarimda shukronalikdir.
Yangilanayotgan O‘zbekiston, tiklangan qadrimiz, qaddimiz, davlat va xalq birligi, inson huquqlarining ta’minlanishi, so‘z erkinligi, e’tiqod erkinligi, ozod inson tuyg‘usini tuyganimiz, tinch va osoyishta hayotimiz, bartaraf etilayotgan muammolar, farovon hayotimiz uchun...shukr qilishimiz kerak.
Men hayotimni shartli ravishda uch davrga bo‘laman. Bu sho‘rolar davri, mustaqilligimizning dastlabki chorak asrlik davri va 2016 yildan keyingi davr.
Sovet davri tushunarli. Erkimiz o‘z qo‘limizda emasdi. Mustabid tuzumning barcha talablariga so‘zsiz bo‘ysunishga majbur edik. Hamma ish markazdan boshqarilar, itoat etmaganlar ayovsiz qatag‘on qilinardi. Bu qismatga ko‘nishdan boshqa chora yo‘q edi.
Lekin 1991 yil O‘zbekiston mustaqil bo‘lgandan keyin xalqimizda juda katta umid paydo bo‘ldi. Bir ikki yilda barcha qiyinchiliklar ortda qolishiga chin dilimizdan ishondik.
Men yarim asrdan ko‘proq vaqt davomida oliy ta’lim sohasida ishlab kelayotgan domla sifatida shuni afsus bilan aytmoqchimanki, mustaqillik ham talabani, professor-o‘qituvchini, shifokorni, muallimni, murg‘ak maktab o‘quvchisini bo‘ynidagi bo‘yinturuq paxta qulligidan ozod qilolmadi.
Bolalar va ayollarni majburiy mehnatdan qutqazolmadi. Azob-uqubat jon-jonimizdan o‘tib ketsada sukut saqlardik. Xorlikka, kamsitilishga qarshilik qilolmas edik.
Paxta hukmronligi xuddi sobiq ittifoq davridagidek davom etardi...
Shu o‘rinda bir misolga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 17-maktabning 9-sinf o‘quvchisi Sherzod Ashirboyev kuni kecha Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro matematika olimpiadasida 2-o‘rinni olib, kumush medalni qo‘lga kiritdi. Mazkur maktab va SamDU o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Maktab direktori Haqiqat Hamroyevani o‘quvchisining yutug‘i bilan tabriklashganida u quyidagilarni aytdi:
- Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning jasorati bilan bugun muallimning qadri yuksaldi. Maoshi bir-necha barobar oshdi. Maoshi kamligidan o‘qituvchilikni tashlab ketgan erkak muallimlar ham bugun maktabga qaytdi. Majburiy mehnatdan butunlay qutuldik. Eslagim kelmasada saboq ma’nosida aytmoqchiman. O‘zbekistonda 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bayrami hisoblanadi. Biz muallimlar bu bayramni to 2016 yilgacha paxta dalasida kutib olardik. Belgilangan rejani bajarmasak o‘sha kuni ham haqorat eshitardik. Hech yodimdan chiqmaydi. O‘shanda hech kim bir-birini bayram bilan qutlamasdi. Sovuqda dildirab paxta terar edik. Muallimning qilmagan ishi, kirmagan ko‘chasi qolmagandi. Bugunchi? Maktabdan, o‘qish o‘qitishdan boshqa ishimiz yo‘q. Shuning uchun ham oddiy qishloq bolasi xalqaro olimpiada g‘olibi bo‘ldi...
Ha muallim haq.
Faqat 2016 yilga kelib, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning qat’iy siyosiy irodasi bilan mana shu bo‘yinturuq butunlay tarix qa’riga uloqtirildi.
Men sanab o‘tgan soha xodimlari uchun haqiqiy mustaqillik mana shundan keyin boshlandi deyishga bugun to‘la asoslarim bor.
Garchi odamlardan yashirilsada paxta yig‘im-terimi davrida talabalar turli kasalliklarga duchor bo‘lar, domlalarimiz bor azobni ko‘rardi. Eng dahshatlisi bolalarimizning umri paxta dalalarida o‘tardi. Shuning uchun ham savodsizlik avj olgandi. Bugun ham o‘sha xatolarning jabrini tortayotganimiz bor gap.
AQSH ning 16-prezidenti Avraam Linkoln 1862 yilda “Ozodlik to‘g‘risidagi praklamatsiya” ni imzolaydi. Ushbu hujjatga muvofiq qullarni 1863 yilning 1 yanvaridan boshlab ozod qilish, avf etish belgilab qo‘yilgan edi.
Linkoln praklamatsiyaga qo‘l qo‘ya turib, bunday degan edi:
“ Vaqti kelib mening nomim tarixga yoziladigan bo‘lsa, faqat shu ishim uchun yoziladi. Chunki men butun qalbimni qullarni ozod qilishga bag‘ishlaganman”...
Aslida tarixiy xizmat degan tushuncha oddiy tushuncha emas. U har kimga nisbatan ham aytilavermaydi.
Men Prezident Shavkat Mirziyoyevda xalqni yaxshi ko‘rish, tushunish, anglash tuyg‘ulari mustahkamligiga juda ko‘p bora guvoh bo‘lganman. Bugun bo‘layotgan barcha ezgu ishlarda aynan mana shu tuyg‘u bor bo‘yicha namoyon bo‘lmoqda.
Xalqini yaxshi ko‘rmagan inson, xalqidan kuch-quvvat olmagan inson bunday buyuk ishlarga qodir bo‘lmaydi.
Bir o‘ylab ko‘ring. Qachon tibbiyot bugungiday xalqqa yaqinlashtirilgan? Qachon ta’lim bugungiday insonparvarlikka, gumanizmga yo‘g‘rilgan? Qachon rahbarlar qishloqma-qishloq, uyma-uy yurgan? Qachon oliy ta’lim bugungiday shaffof, qamrovi keng bo‘lgan?
Hech qachon.
Siyosatshunos Qudratilla Rafiqov o‘z maqolasida professor-o‘qituvchilarning oylik maoshiga ham to‘xtalib o‘tgan.
Mustaqilligimizning 25 yili davomida eng xor bo‘lgan toifa bu domlalar bo‘ldi. Ular har tomonlama siquvga olindi. Maosh kamligi bir balo bo‘lsa, har yili keladigan shtat qisqarishlari ming balo bo‘ldi. Ilm ahli ayovsiz ko‘chaga uloqtirildi. Pensiyaga chiqishga majburlandi.
Olimlar nafaqat moddiy balki, ma’naviy jihatdan ham tahqirlandi. Ilmiy izlanishlar to‘xtadi. Ilm ahlining chetga chiqib ketishi ortdi. Kun ko‘rish uchun turli yumushlarni qilishga majburlandi...Qaysi birini aytay.
Samarqand davlat universiteti misolida qaraydigan bo‘lsak, 2016 yilgacha professor zo‘r-ba’zo‘r 2000000 (ikki million) so‘m maosh olar edi.
Bugunchi?
Samarqand davlat universitetida shunday professorlarimiz borki, ustama va grantlardagi ishtiroki uchun 25000000 (yigirma besh million) sumgacha maosh olmoqda.
Bundan tashqari chet ellarga doktarantura, stajirovka, xizmat safarlariga borish, xalqaro anjumanlarda ishtirok etish, xalqaro grantlarda qatnashish bir-necha o‘n barobarga ortganini alohida ta’kidlashni istayman.
Yo‘q edi. Bor bo‘ldi. Shukr qilishimiz kerak emasmi?
Maqola muallifi to‘g‘ri e’tiroz bildirganidek ayniqsa, ziyolilar bu borada barchaga o‘rnak bo‘lishi kerak.
Bugungi kunlarning qadriga yetish, noshukur bo‘lmaslik, insof va diyonatni o‘rtaga qo‘yib gapirish kerak.
Nimani qilsang xor, o‘shanga bo‘lasan zor...
Alloh asrasin. Men og‘ir kunlar qaytishini istamayman. Ro‘shnolik ko‘rayotgan xalqimiz bugungi kunlarni qadriga yetishiga, Prezidentimiz mehnatlarni e’zozlashiga ishonaman.
Ha shukr bilan noshukrlikning orasi juda yaqin...

Rustam Xolmurodov,
Samarqand davlat universiteti rektori,
O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi,
Oliy Majlis Senati a’zosi.

Teglar
- -