insurez
27-12-2025 16:08

Samarqand viloyati "Kattaqo‘rg‘on" futbol jamoasi katta futbol sari dastlabki qadamlarni tashladi


Birinchi ligadagi debyut mavsumidayoq Gʻarbiy hudud g‘olibi bo‘lgan hamda Toshkent mezbonlik qilgan pley-off bosqichida yarim finalga qadar yetib kelgan «Kattaqo‘rg‘on» futbol jamoasi 2026 yilgi mavsum oldidan yangi va katta qadamlarni tashlashga qaror qildi.

Liga tomonidan Proliga ishtirokchilarini shakllantirish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda. Davogar jamoalar qanday talablarni bajarishi lozimligi, qaysi yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratilishi reglamentda aniq belgilab qo‘yilgan. Ushbu jarayonda asosiy talab sifatida infratuzilma birinchi o‘rinda tursa, keyingi muhim bosqich futbol maktabini tashkil etish bilan bevosita bog‘liq hisoblanadi. Shu bois mazkur yo‘nalishlarga investisiya kiritishni maqsad qilgan «Kattaqo‘rg‘on» jamoasi bilan muzokaralar izchil davom ettirilmoqda.

Kattaqo‘rg‘on tumani va Kattaqo‘rg‘on shahrida 400 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. Samarqand viloyatida viloyat markazidan keyingi yirik hudud sanalgan mazkur tumanda futbolga bo‘lgan qiziqish va ishqibozlar faolligi Liganing alohida e’tiborini tortmoqda. Birinchi liga doirasida jamoa ishtirokidagi uy uchrashuvlarini o‘rtacha 3 mingga yaqin muxlis tomosha qilgan. Shuningdek, Toshkentda bo‘lib o‘tgan pley-off bellashuvlariga ham yuzlab kattaqo‘rg‘onlik ishqibozlar tashrif buyurdi.
Dekabr oyining ikkinchi yarmida «Kattaqo‘rg‘on» futbol jamoasi prezidenti Hotam Razzoqov va Liga bosh direktori Diyor Imomxo‘jayev o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda yaqin kelajakda amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar yuzasidan kelishuvga erishildi. Shu asosda 23 dekabr kuni Liga ishchi guruhi Kattaqo‘rg‘on shahri va tumaniga tashrif buyurib, mavjud infratuzilma hamda sharoitni o‘rgandi.

Kelishuvga muvofiq, Kattaqo‘rg‘on tumani Payshanba shaharchasida joylashgan futbol maydonini davlat-xususiy sherikchilik asosida «Kattaqo‘rg‘on» jamoasiga biriktirish masalasi bo‘yicha amaliy ishlar olib boriladi. Mazkur masalani hal etishda Samarqand viloyati hokimligi hamda Sport vazirligining amaliy ko‘magiga tayaniladi.
Rejaga ko‘ra, investor tomonidan 2026 yilning o‘zida stadionni Proliga talablariga moslashtirish uchun taxminan 10 milliard so‘m investisiya kiritiladi. Ushbu jarayonda stadion bosqichma-bosqich yirik futbol uchrashuvlariga tayyorlanadi.

Avvalo, maydon to‘liq qayta barpo etilib, drenaj va sug‘orish tizimlari joriy etiladi. Maydon chimi zamonaviy standartlar asosida yangilanib, unda hatto Superliga klublari ham bellasha oladigan darajaga yetkaziladi. Shuningdek, 5 ming tomoshabinga mo‘ljallangan, ayni paytda ta’mirga muhtoj bo‘lgan tribunalar rekonstruksiya qilinadi. Futbolchilar va hakamlar uchun kiyim almashtirish xonalari, shuningdek stadionning texnik infratuzilmasi to‘liq tartibga keltiriladi. Barcha texnik talablar Liga tomonidan taqdim etiladi.

Qayd etish joizki, mazkur jamoa joriy mavsum Samarqand viloyati musobaqalarida muvaffaqiyatli ishtirok etdi.
Qo‘shimcha ravishda, hukumat ko‘magida Kattaqo‘rg‘on shahrida zamonaviy futbol maktabini qurish va foydalanishga topshirish masalasi ham rejaga kiritilgan. Keyinchalik ushbu maktab jamoaga biriktirilib, Samarqand viloyatida «Dinamo» klubidan keyingi navbatdagi professional klubga poydevor qo‘yiladi. Klub bazasi esa Payshanba shaharchasidagi oromgoh hududida tashkil etiladi. Liga ishchi guruhi mazkur baza sharoitlari bilan tanishib, uning kelajakda Superliga klublari bazalari bilan raqobatlasha olish salohiyatiga ega ekanini qayd etdi.

Liga Kattaqo‘rg‘on tumanidagi stadionda katta futbol uchrashuvlarini o‘tkazish tashabbusini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi. Endigi bosqichda kelishuvlarni rasmiylashtirish, hujjatlashtirish va smeta xarajatlarini tasdiqlash ishlari amalga oshiriladi. Barcha jarayonlar ochiq va izchil yoritib borilishi belgilangan.
Agar barcha kelishuvlar Liga talablariga muvofiq rasmiylashtirilsa, «Kattaqo‘rg‘on» jamoasi 2026 yilgi mavsumni Proligada o‘tkazish huquqini qo‘lga kiritadi.

Ma’lumot o‘rnida, Kattaqo‘rg‘on futbol jamoasi nafaqat infratuzilma, balki yillik moliyaviy xarajatlar smetasiga ham jiddiy e’tibor qaratmoqda. Qurilish ishlari davom etayotgan davrda esa jamoa o‘z uy uchrashuvlarini vaqtinchalik Samarqand shahrida o‘tkazib turishi rejalashtirilgan.

Teglar
- -