Qishloq joylarini rivojlantirish: Kattaqo‘rg‘onda innovasion agroekologiya seminari o‘tkazilmoqda
Qishloq joylarini rivojlantirish: Kattaqo‘rg‘onda innovasion agroekologiya seminari o‘tkazilmoqda
Islom taraqqiyot banki ishtirokida amalga oshirilayotgan “Qishloq joylarni kompleks rivojlantirish” (2-bosqich) loyihasi doirasida Kattaqo‘rg‘on tumanida qator yirik ishlar boshlanmoqda. Prezident qaroriga muvofiq, M–37 yo‘li bo‘yida joylashgan Polvontepa, Qoradaryo, Balandravot, Olmazor, Uyshun va Navbahor mahallalarini rivojlantirish uchun 9 million 186 ming dollar miqdorida mablag‘ yo‘naltiriladi.
Shu munosabat bilan bugun Navbahor mahallasidagi “Andalus” restoranida BMT Taraqqiyot Dasturi xodimlari, loyiha guruhi vakillari, hokimlik vakillari ishtirokida qishloq xo‘jaligi xodimlari uchun seminar-trening tashkil etildi.
Tadbirni tuman hokimining o‘rinbosari Bahodir Sulaymonov ochib berdi. U o‘z nutqida tumanda amalga oshirilayotgan loyihalar aholining hayot sifati, infratuzilma, agrar sohadagi imkoniyatlar va tadbirkorlikni rivojlantirishga katta turtki bo‘lishini ta’kidladi.
Seminar doirasida Germaniyaning agrar tadqiqot markazi bilan hamkorlik qilayotgan mutaxassis Dilfuza Egamberdiyeva “Barqaror qishloq xo‘jaligida agroekologiya va innovasion yondashuvlar” mavzusida qiziqarli va amaliy axborotlarga boy ma’ruza qildi. U qishloq xo‘jaligida ekologik barqarorlik, resurslardan oqilona foydalanish, zamonaviy tadqiqotlar natijalari va dunyo amaliyotida qo‘llanayotgan innovasion usullar haqida atroflicha ma’lumot berdi.
Tadbir qishloq xo‘jaligi xodimlari uchun tajriba almashish, yangi g‘oyalar va ilg‘or amaliyotlar bilan tanishish imkonini yaratdi.




