Prokuror tashabbusi: Yangiqiyotda yangi bog‘cha ochildi
Kattaqo‘rg‘on tumani markazidan olisda joylashgan Yangiqiyot mahallasidagi 1979 yilda qishloq dala shiyponi sifatida qurilgan va keyinchalik bog‘chaga moslashtirilgan 64-maktabgacha ta’lim tashkiloti uchun yangi, zamonaviy bino foydalanishga topshirildi. Yangi bog‘chada 60 nafar bola uchun qulay va zamonaviy sharoitlar yaratilgan.
E’tiborga molik jihati shundaki, viloyat prokurori M.X.Eshnazarovning tashabbusi bilan smeta qiymati 1,1 milliard so‘mga teng bo‘lgan ushbu loyiha hech qanday investision dasturlarsiz amalga oshirildi. Mahalliy tadbirkorlarning homiyligi, shuningdek, viloyat prokuraturasi, tuman rahbarlari va tuman prokurori Shuxrat Xolmurzayevning sa’y-harakatlari tufayli ushbu bog‘cha hashar yo‘li bilan qurib bitkazildi.
Ochilishda tuman hokimi Jamshid Nasriddinov, tuman prokurori Shuxrat Xolmurzayev, sektor rahbarlari, mahalla ahli, nuroniylar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar. Tadbirda so‘zga chiqqan tuman hokimi Jamshid Nasriddinov, tuman prokurori Shuxrat Xolmurzayev ushbu sa’y-harakatlarga hissa qo‘shgan barcha mas’ullarga o‘z minnatdorchiliklarini bildirdilar.
Marosimda ramziy lenta qirqilib, rahbarlar yangi binoda bolalar uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdilar. Yangi bog‘cha mahalladagi yosh oilalar va ularning farzandlari uchun muhim qulayliklar yaratishda katta qadam bo‘ldi.