insurez
14-11-2025 09:29

O‘zbekiston Konstitutsiyasi: Davlatchilikning o‘zgarmas tamoyillari mustahkamlandi


O‘zbekiston Konstitutsiyasining 1-moddasi yangi tahrirda tubdan takomillashtirilib, davlatimizning asosiy tamoyillari – suverenlik, demokratiya, huquqiylik, ijtimoiylik va dunyoviylik aniq va ravshan belgilab qo‘yildi.

Respublika boshqaruvi – xalq irodasining ifodasi

Yangi tahrirga ko‘ra, O‘zbekiston boshqaruvning respublika shakliga ega davlat sifatida belgilab qo‘yildi. Bu esa davlat hokimiyatining oliy organlari xalq tomonidan belgilangan muddatga saylanishi va xalq irodasining beyqaror amalga oshirilishini anglatadi.

Suverenlik – mustaqil siyosat kafolati

Suveren davlat sifatida O‘zbekiston o‘z hududida mustaqil hukmronlikka, ichki va tashqi siyosatni erkin belgilash huquqiga ega. Bu – davlatchilikning asosiy poydevori hisoblanadi.

Demokratiya va huquqiylik ustuvor omil sifatida

Konstitutsiyada demokratiyaga oid normalar yanada mustahkamlandi. Fuqarolarning saylash va saylanish huquqi, davlat boshqaruvida teng ishtirok etishi kafolatlandi. Shu bilan birga, huquqiy davlat tamoyillari – qonun ustuvorligi, fuqarolarning qonun oldida tengligi va davlat organlarining qonunlarga qat’iy rioya qilishi asosiy mezon sifatida belgilab qo‘yildi.

Ijtimoiy davlat – aholi farovonligiga qaratilgan siyosat

O‘zbekiston o‘zini ijtimoiy davlat deb e’lon qilishi bilan har bir fuqaroga munosib turmush sharoiti yaratish majburiyatini oldi. Bu resurslarni adolatli taqsimlash, sifatli ta’lim va tibbiyotni barcha uchun ta’minlash, ijtimoiy himoya dasturlarini kuchaytirishni nazarda tutadi. Eng muhimi, har bir bola, qaysi oilada tug‘ilganidan qat’i nazar, farovon kelajakka erishish imkoniyatiga ega bo‘lishi lozim.

Dunyoviylik – tenglik va neytrallik tamoyili

Dunyoviy davlat sifatida O‘zbekiston davlat va dinni bir-biridan ajratgan holda boshqaruvni amalga oshiradi. Dinga oid masalalarda davlat neytral pozisiyani saqlaydi va barcha fuqarolarga e’tiqodidan qat’i nazar teng munosabat ko‘rsatiladi.

154-modda: Davlatchiligimizni qo‘riqlovchi abadiy norma

Konstitutsiyaning 154-moddasiga muvofiq, 1-moddadagi asosiy qoidalar qayta ko‘rib chiqilishi mumkin emas. Ushbu normaning o‘zi ham o‘zgartirilmaydigan qoida sifatida belgilab qo‘yildi.

Bu – O‘zbekistonning hech qachon demokratiyadan voz kechmasligi, huquqiy davlatchilikdan chekinmasligi va monarxiya yoki diniy davlat shakllariga qaytmasligini kafolatlaydi.

Alisher Islomov,
Kattaqo‘rg‘on tumani hokimligi bosh yuriskonsulti

Teglar
- -