insurez
18-07-2025 10:07

Olmosuvon — tog‘ bag‘ridagi go‘zal joy


Kattaqo‘rg‘on tumani — o‘zining tarixiga, tabiatiga, bag‘rikeng xalqiga boy yurt. Qadimda shu zamindan buyuk Ipak yo‘li o‘tgan, Payshanba shaharchasi esa karvonlar to‘xtagan maskan bo‘lgan.

Bu tumanning bir tomonida keng va musaffo suv ombori, boshqa bir tomonida esa osmon bilan suhbatlashib turgan baland-baland tog‘lar bor.

Tuman markazidan uzoqda, ana shu tog‘ bag‘rida, bir go‘zal maskan joylashgan. Bu — Burgansoy mahallasi, uning qalbi esa — Olmosuvon qishlog‘i.

Olmosuvon — xuddi nomiga mos, tog‘ bag‘ridagi olmosdek joy. Bu yerga bir bor kelgan odam, yana kelgisi kelib ketadi. Havosi toza, osmoni musaffo, sharqiroq soylari jonga orom, ko‘klama o‘tloklari ko‘zga yashil nur.
Qishloqda kattalar ham, kichiklar ham mehnatsevar, samimiy va mehmonnavoz. U yerdagi har bir xonadonda ajib tarix, har bir tepalikda sirli sukunat bor.

Mana shu qishloqda Murodilla Oblaqulovning xonadonida suv bilan ishlaydigan qadimiy tegirmon saqlanmoqda. Bu tegirmonni uning bobosi ham ishlatgan. Suvda aylanib unga aylanadigan bu don — shifo, baraka, mehnatning barkamol samarasidir.

Qishloqning yana bir go‘zal joyi — Dara og‘zi qoyalari. Bu yerda miloddan avvalgi 5000 yillarga taalluqli, bronza davriga oid qoyatosh rasmlari bor. Bu rasmlar qadimgi insonlar tomonidan toshga o‘yib tushirilgan. Ularda buqa, bug‘u, sher, tog‘ echkilari va insonlar aks etgan. Har biri bir davr haqida so‘zlaydi, o‘tmish bilan bog‘laydi.

Bu yerda yana bir go‘zal daraxt bor — 1500 yillik chinor. Rivoyatga qaraganda, bu chinor soyasida Amir Temur ham dam olgan ekan. Bu chinor — Burgansoyning shonli o‘tmishiga guvoh daraxt.

Olmosuvon — dam olish uchun, xotirjamlik uchun, ruhiy orom uchun eng munosib joy. Bu yerga kelgan har bir mehmon tabiatning go‘zalligidan, insonlarning samimiyatidan, tarixning nafasidan bahramand bo‘ladi.

Bu — Burgansoy. Bu — Olmosuvon. Bu — biz faxrlanadigan, sevimli zamin.

Teglar
- -