insurez
22-09-2025 14:50

ODIL SUDLOVNING SHAFFOFLIGI VA SAMARADORLIGINI TA’MINLASH-MUHIM


Raqamli O‘zbekiston — 2030” strategiyasi doirasida sudlar faoliyatida raqamlashtirish jarayonlariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu esa fuqarolarning sudga murojaat qilish imkoniyatlarini kengaytirish, odil sudlovning shaffofligi va samaradorligini ta’minlash, sud tizimining ochiqligi va hisobdorligini oshirishga xizmat qiladi. 
Prezidentimizning 2025-yil 21 avgustdagi “Sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish hamda sud tizimining moddiy-texnik ta’minotini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi Farmoni sud tizimida raqamli texnologiyalarni joriy etishning yangi bosqichini boshlab berdi. Mazkur hujjat nafaqat sud ishlarini yuritishda qog‘oz shaklidan to‘liq voz kechishni, balki sun’iy intellekt texnologiyalari orqali “Raqamli sud” konsepsiyasini amalga oshirishni ham nazarda tutadi. 
Farmonda belgilangan vazifalar milliy qonunchilikdagi prinsiplar bilan uyg‘un. Xususan, Konstitutsiyaning 44-moddasida har bir shaxsning sudga murojaat qilish huquqi kafolatlangan. Shu nuqtayi nazardan, raqamli texnologiyalar bu huquqni amalga oshirishda qulaylik va keng imkoniyat yaratadi.  Shuningdek, Xalqaro huquqning muhim hujjati — Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi (10-modda) ham adolatli sudlovga bo‘lgan huquqni e’tirof etadi. Demak, “Raqamli sud” konsepsiyasi orqali O‘zbekiston xalqaro standartlarga uyg‘un yo‘nalishda harakat qilayotgani yaqqol namoyon bo‘ladi. 
“Raqamli sud” konsepsiyasi amalga oshirilganda qator huquqiy va amaliy afzalliklarga erishiladi. Sun’iy intellekt orqali prognozlash – sud jarayonining taxminiy natijasi va sud xarajatlari oldindan hisoblanadi. Bu fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari uchun huquqiy tavakkalchilikni baholash imkonini beradi.

O.Allayev, Jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on 
tuman sudining raisi.

Teglar
- -