Melixo‘jada sanoat salohiyati ortib bormoqda
Yurtimizda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan keng imkoniyatlar natijasida har bir hududda yangi korxonalar barpo etilib, ish o‘rinlari yaratilmoqda.
Kattaqo‘rg‘on tumanidagi Melixo‘ja mahallasi ham bu borada yetakchi hududlardan biriga aylanib bormoqda. Bu yerda transformator ishlab chiqarish sohasi izchil rivojlanib, mahalliy sanoat tarmog‘ini shakllantirmoqda.
Yaqinda mahallaning Enamyaxshi qishlog‘ida tadbirkor Sardor Rustamov tomonidan “Kattaqo‘rg‘on Transformator” ishlab chiqarish korxonasi ishga tushirildi. Korxonada zamonaviy texnologiyalar asosida yiliga 500 ta, 10 xil turdagi, 1000 kVagacha bo‘lgan TMG rusumdagi energo tejamkor transformatorlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.
Mahsulotlar yuqori sifatli va energiya tejamkorligi bilan ajralib turadi. Hozirda ular buyurtmalar asosida O‘zbekistonning turli hududlariga yetkazib berilmoqda.
Tadbirkorning ta’kidlashicha, korxona kelgusida yuqori kuchlanishli vakuumli o‘chirgichlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirgan bo‘lib, bu mahalliy elektr jihozlari bozorida import o‘rnini bosuvchi muhim qadam bo‘ladi.
Ayni vaqtda Melixo‘ja mahallasida jami 7 ta transformator ishlab chiqarish korxonalari faoliyat yuritmoqda. Ular yiliga 3500 dan ziyod transformator tayyorlab, 100 dan ortiq fuqaroni ish bilan ta’minlamoqda.
Bunday tadbirkorlik faoliyati nafaqat tuman iqtisodiyoti rivojiga, balki aholi bandligini ta’minlash va mahalliy sanoatni rivojlantirishga ham katta hissa qo‘shmoqda.