Kattaqo‘rg‘onda "Qaytar dunyo" spektakli: insoniy munosabatlar va hayotiy haqiqatlar sahnada
Kattaqo‘rg‘on tumani madaniyat bo‘limi konsert zalida Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatrining "Qaytar dunyo" tragik komediyasi tomoshabinlarga taqdim etildi. Spektakl Holiq Xursandov asari asosida rejissyor Bahodir Nazarov tomonidan qayta sahnalashtirilib, insonlar o‘rtasidagi mehr-oqibat, insoniy munosabatlar va hayotning turli ko‘rinishlarini yoritib berdi.
Asardagi Mavlon ota, Avaz ota va Oydin ona kabi obrazlar orqali oilaviy munosabatlar, jamiyatdagi muammolar va insonlarning bir-biriga bo‘lgan munosabatlari badiiy tarzda ko‘rsatilgan. O‘zbekiston xalq artistlari Mehri Bekjonova va Odinaxonim Gʻoziyeva, Shuhrat medali sohibi Tohir Rahimovlar o‘z mahoratli ijrolari bilan sahnani jonlantirib, tomoshabinlarni hayratga solishdi.
Tomoshabinlar spektaklni katta qiziqish bilan tomosha qilib, ijodkorlarning yuksak san’atini yuqori baholashdi. "Qaytar dunyo" nafaqat Toshkentda, balki mamlakatning turli hududlarida ham namoyish etilib, keng omma e’tiborini qozonmoqda.
Mazkur asar sahnadagi hayotiy haqiqatlarni teran his etish va insonlarni o‘zaro munosabatlarni qayta baholashga undaydi. "Qaytar dunyo" spektakli madaniy hayotning eng yorqin sahifalaridan biri bo‘lib qoladi.