insurez
23-09-2025 15:24

Kattaqo‘rg‘onda mahalliylashtirish — iqtisodiyot taraqqiyoti va yangi ish o‘rinlari manbai


So‘nggi yillarda mamlakatimizda iqtisodiyotni rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlashning muhim omillaridan biri sifatida mahalliylashtirish dasturiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ushbu dasturning asosiy maqsadi — import o‘rnini bosuvchi va eksportga mo‘ljallangan raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, mahalliy xom-ashyo va resurslar negizida ichki va tashqi bozor talablariga javob beradigan zamonaviy mahsulotlarni ko‘paytirishdan iboratdir.

Kattaqo‘rg‘on tumanida ham so‘nggi yillarda mahalliylashtirish sohasida qator loyihalar amalga oshirilib, hudud sanoat salohiyati sezilarli ravishda oshdi.

2022-yildagi natijalar

2022-yilda tumanda umumiy qiymati 10 mlrd so‘mga teng 4 ta loyiha amalga oshirildi. Jumladan, “Kattaqo‘rg‘on elektrtexnika zavodi” MCHJ tomonidan transformatorlar ishlab chiqarish, “Qo‘rg‘on Islombek Nur” MCHJ tomonidan metall buyumlar tayyorlash, “Firdavs Qandolat Invest” MCHJ tomonidan qandolat mahsulotlari uchun uskunalar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Bu loyihalar natijasida 100 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi.

2023-yilda amalga oshirilgan ishlar

2023-yilda tumanda 6 ta loyiha amalga oshirilishi belgilanib, ularning umumiy qiymati qariyb 33,7 mlrd so‘mni tashkil etdi. Ushbu loyihalarning 2 tasi birinchi chorakda, qolganlari yil yakuniga qadar ishga tushirildi.

2024-yildagi ko‘rsatkichlar

2024-yilda umumiy qiymati 67,1 mlrd so‘m bo‘lgan 7 ta loyiha amalga oshirildi. Ulardan 3 tasi yangi, 4 tasi mavjud ishlab chiqarishni kengaytirish hisobiga tashkil etildi. Jumladan, “Kattaqo‘rg‘on elektrtexnika zavodi” MCHJ tomonidan elektr jihozlari, “Turon Sam-Plast” MCHJ tomonidan polietilen quvurlar, “Rustam-Plasteks” va “Turon Drip-Plast” tomonidan tomchilatib sug‘orish tizimi uchun quvurlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Natijada 150 dan ziyod yangi ish o‘rni yaratildi. Shuningdek, yil yakuniga qadar ishlab chiqarish hajmi 50,3 mlrd so‘mni tashkil etib, belgilangan prognozdan 6,1 mlrd so‘m ortiq bajarildi.

2025-yilga rejalar

Joriy yilda tumanda umumiy qiymati 45,8 mlrd so‘m bo‘lgan 8 ta loyiha amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Ulardan 7 tasi mavjud ishlab chiqarishni kengaytirish hisobiga, 1 tasi esa yangidan tashkil etiladi. Natijada ishlab chiqarish hajmi 20 foizga oshirilib, qo‘shimcha 70 dan ortiq ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.

2025-yilning dastlabki choraklari ham yuqori samara bilan boshlandi. 1-chorakda belgilangan 2,5 mlrd so‘m o‘rniga 12,2 mlrd so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. 2-chorakda esa 28,9 mlrd so‘mlik rejaga nisbatan 36,7 mlrd so‘mlik ishlab chiqarishga erishildi. Bu ko‘rsatkich 127 foiz bajarishni anglatadi.

Yakuniy xulosa

Kattaqo‘rg‘onda mahalliylashtirish dasturi doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar hudud iqtisodiyotida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Yangi ishlab chiqarish quvvatlari tashkil etilib, ish o‘rinlari ko‘paymoqda, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar hajmi ortib bormoqda. Shu bois mahalliylashtirish nafaqat sanoat rivoji, balki aholi turmush darajasini oshirishga ham xizmat qilmoqda.

Teglar
- -