insurez
09-05-2025 15:24

Kattaqo‘rg‘onda lalmikor maydonlarda no‘xat yetishtirish bo‘yicha viloyat seminari bo‘lib o‘tdi


Kattaqo‘rg‘on tumani Qo‘shhovuz mahallasida joylashgan “Yahyo bobo asl bog‘lari” fermer xo‘jaligida Samarqand viloyati miqyosida “Lalmikor maydonlarda no‘xat yetishtirish tajribalari” mavzusida o‘quv-amaliy seminar tashkil etildi.

Seminar Qishloq xo‘jaligi vazirligi reja-jadvali asosida, Samarqand viloyati qishloq xo‘jaligi boshqarmasi hamda Kattaqo‘rg‘on tumani qishloq xo‘jaligi bo‘limi hamkorligida o‘tkazildi. Unda qishloq xo‘jaligi sohasidagi yetakchi olimlar, viloyat va tuman qishloq xo‘jaligi bo‘yicha hokim o‘rinbosarlari, qishloq xo‘jaligi bo‘limlari mas’ullari, karantin inspeksiyalari hamda lalmi maydonlarda yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi fermerlar ishtirok etdilar.

Tadbir doirasida “Yahyo bobo asl bog‘lari” fermer xo‘jaligi raisi Rustam Shodmonov o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur xo‘jalik 32 gektar maydonda bog‘dorchilik va dukkakli ekinlar yo‘nalishida faoliyat yuritib kelmoqda. Jumladan, joriy yilda 20 gektar lalmi maydonga zamonaviy tomchilatib sug‘orish usulida no‘xat ekilib, yuqori hosildorlikka erishish maqsad qilingan. Qayd etilishicha, zamonaviy texnologiya yordamida gektaridan 1,5–2 tonna hosil olish ko‘zda tutilmoqda. Solishtirish uchun, oddiy usulda bu ko‘rsatkich 500–600 kilogramm atrofida bo‘lar edi.

Seminar yakunida ishtirokchilar lalmikor yerlarda hosildorlikni oshirish masalalari yuzasidan o‘zaro fikr almashdilar va bu tajriba keng ommalashtirilishi lozimligini ta’kidladilar.

Teglar
- -