Kattaqo‘rg‘on tumanida "Yashil makon" dasturi doirasida ko‘rgazmali seminar o‘tkazildi
Kattaqo‘rg‘on tumani Mundiyon mahallasida joylashgan "Nazokat Oltin Dalasi" fermer xo‘jaligida "Yashil makon" umummilliy dasturi doirasida va bog‘-tokzor oralariga to‘qsonbosti ekish bo‘yicha ko‘rgazmali seminar tashkil etildi.
Seminarda Respublika fermerlar Kengashi birinchi o‘rinbosari Komiljon Sobirov, Bosh prokuratura boshqarma prokurori Umarbek Xalilov, Kattaqo‘rg‘on tumani hokimi Jamshid Nasriddinov, viloyat fermerlar Kengashi raisi Abror Rabbimov, shuningdek, tumanning qishloq xo‘jaligi xodimlari va fermerlar xo‘jaliklari rahbarlari ishtirok etdi.
Tadbir davomida to‘qsonbosti ekish texnologiyalari, uning qishloq xo‘jaligida samaradorlikni oshirishdagi o‘rni va afzalliklari haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Respublika fermerlar Kengashi birinchi o‘rinbosari Komiljon Sobirov o‘z chiqishida:
"Yashil makon" dasturi nafaqat ekologik barqarorlikni ta’minlash, balki iqtisodiy rivojlanishga ham katta hissa qo‘shadi. Bu kabi seminarlar fermerlar uchun yangicha tajriba va bilim makonidir, – deya ta’kidladi.
Tuman hokimi Jamshid Nasriddinov o‘z nutqida tuman fermerlari va dehqonlarini ushbu dasturda faol ishtirok etishga chaqirib, yerni unumli boshqarish hamda hosildorlikni oshirish borasida muhim tavsiyalar berdi.
Seminar yakunida ishtirokchilar o‘zaro fikr almashib, ilg‘or fermer xo‘jaliklarining tajribasi bilan tanishdi. Bu kabi tadbirlar fermerlarning innovasion g‘oyalar va amaliyotlarni hayotga tatbiq etishda muhim ahamiyat kasb etishi alohida ta’kidlandi.
"Yashil makon" – yorug‘ kelajak yo‘lidagi qadam!