Kattaqo‘rg‘on tumanida sentifon ishlab chiqaruvchi qo‘shma korxona faoliyati yo‘lga qo‘yiladi
Kattaqo‘rg‘on tumanida tadbirkorlik va sanoat salohiyati yanada kengayib bormoqda. Tadbirkor Gulmira Jumayeva rahbarligidagi "Anvarjon Biznes Invest" korxonasi Xitoylik investorlar bilan hamkorlikda 18 milliard so‘mlik sarmoya asosida "Ekofo" qo‘shma korxonasini tashkil etdi.
Yangi ishlab chiqarish korxonasi chiqindi mahsulotlarini qayta ishlab, zamonaviy syentafon mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Bu nafaqat ekologik toza ishlab chiqarish yo‘nalishini rivojlantirish, balki yangi ish o‘rinlarini yaratishga ham xizmat qiladi.
Mazkur korxona sentyabr oyida Kumushkent mahallasida faoliyat boshlashi rejalashtirilgan bo‘lib, u ishga tushishi bilan bir qator mahalliy aholini ish bilan ta’minlash imkonini beradi. Shuningdek, zavodda innovasion texnologiyalardan foydalanish orqali mahsulot sifatini xalqaro talablar darajasida ta’minlash ko‘zda tutilgan.
Bunday loyihalar nafaqat Kattaqo‘rg‘on tumani sanoati rivoji, balki xorijiy sarmoyadorlar uchun ham biznes muhitini yanada jozibador qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.