insurez
06-10-2025 08:28

Kattaqo‘rg‘on tumanida issiqxona sohasiga oid seminar bo‘lib o‘tdi


Kattaqo‘rg‘on tumani, Mullako‘rpa mahallasida joylashgan “Qo‘shxovuz” MCHJga tegishli zamonaviy issiqxonada “Issiqxona sohasida yangi imkoniyatlar, qo‘llab-quvvatlash va soliq imtiyozlari” mavzusida seminar o‘tkazildi.

Seminarda Samarqand viloyati soliq boshqarmasi boshlig‘i Farrux Babayev, Kattaqo‘rg‘on tumani hokimi Jamshid Nasriddinov hamda issiqxona faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar ishtirok etib, mavjud muammo va takliflarni muhokama qilishdi.

Uchrashuvda Kattaqo‘rg‘on, Ishtixon, Narpay, Paxtachi, Qo‘shrabot tumanlari va Kattaqo‘rg‘on shahrida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar hamda mutasaddi rahbarlar qatnashdi.

Ochiq muloqot shaklida tashkil etilgan uchrashuvda tadbirkorlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar va imtiyozlar, jumladan, eksport majburiyatini olgan hamda muqobil isitish tizimida ishlaydigan issiqxonalarga gazdan foydalanish imkoniyati, kredit muddatini uzaytirish, shuningdek, 2028 yilgacha issiqxonada mehnat qilayotgan xodimlar uchun ijtimoiy soliq stavkasi 12 foizdan 1 foizga tushirilishi haqida atroflicha ma’lumot berildi.

Muloqot davomida bank krediti, tabiiy gaz, elektr energiyasi, suv va yer solig‘i bilan bog‘liq masalalar ham muhokama etildi.

Teglar
- -