Kattaqo‘rg‘on tumani prokurori Mirzaxon Nozimovning huquqbuzarliklarning barvaqt profilaktikasi va jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha tumanimiz aholisiga yo‘llagan MUROJAATI
Assalomu alaykum!
Hurmatli Kattaqo‘rg‘on tumani aholisi va tumanimiz mehmonlari!
Barchangizga ma’lumki, har qanday mamlakatning taraqqiyoti va yuksalish darajasi aholi osoyishtaligi va xavfsiz hayotini hamda jinoyat uchun jazo muqarrarligini ta’minlash samaradorligi bilan baholanadi.
Hurmatli Prezidentimizning Rahbarligida mamalakatimizda barcha sohalarda ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda.
Bu islohotlarning tub mohiyati avvalo inson qadrini ulug‘lash, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarish, xalqimizning tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash, turmush farovonligini oshirishga qaratilganligi bilan ham ahamiyatlidir.
Muhtaram Prezidentimizning mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish bo‘yicha PQ-1-sonli Qarori ijrosini ta’minlash, Siz azizlarni jinoyatlardan jabrlanib qolish ehtimolingizni oldini olish maqsadida tumanimizdagi kriminogen vaziyat yuzasidan mazkur murojaatimni yo‘llamoqdaman.
Bu borada “O‘zbekiston Respublikasi jamoat xavfsizligi konsepsiyasi”da belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashda “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida mahallalarda xavfsiz muhitni yaratishni o‘z ichiga olgan keng ko‘lamli “konsepsiya” hayotga tatbiq etilgan.
Unga ko‘ra, “Mahalla yettiligi”ning mahallalarda huquqbuzarlik sodir etishga moyil shaxslar bilan ishlash borasida aniq vazifalari belgilab berilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning jamoat tashkilotlari bilan hamkorligi kuchaytirildi.
Eng asosiysi, bu soha huquqbuzarliklar oqibati bilan kurashish emas, balki ularning barvaqt oldini olish zarurligi haqidagi muhim hayotiy siyosiy tamoyil asosida isloh qilinmoqda.
Hurmatli fuqarolar !
Tuman hududida jinoyatchilikning barvaqt oldini olish
va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish bo‘yicha joriy yilning o‘tgan davrida muayyan ishlar amalga oshirilgan.
Xususan, tumanda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish
va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish borasida amalga oshirilgan ishlar holati atroflicha o‘rganilib, xalq deputatlari Kengashining qo‘shma yig‘ilishlarida tanqidiy muhokama etilib, tegishli qarorlar qabul qilingan.
Jinoyatlarning soni oshgan ayrim mahallalarda jinoyat sodir etilishiga imkon berayotgan shart-sharoitlar o‘rganilib, har bir jinoyat turi bo‘yicha ularning barvaqt oldini olishga qaratilgan “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etilmoqda.
Natijada, joriy yilning sentyabr oyida tumanda oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar avgust oyiga nisbatan bittaga kamaygan, ya’ni avgust oyida mahallalarda 11 ta oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar sodir etilgan bo‘lsa, sentyabr oyida 10 ta sodir bo‘lgan.
Ushbu oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar, jumladan o‘g‘irlik jinoyati tumandagi “Kadan”, “Qoqsoy”, “Cho‘yanchi”, “Qoradaryo” va “Madrasa” mahallalarida, tan jarohat yetkazish jinoyatlari “Mundiyon”, “Polvontepa” va “Navbahor” mahallalarida, jinsiy zo‘ravonlik “Do‘stlik” va “Navbahor” mahallalarida sodir bo‘lgan.
Ushbu mahallalarda sodir bo‘lgan o‘g‘irlik jinoyati asosan fuqarolarning qoramollarini qarovsiz qoldirilishi natijasida sodir bo‘lgan.
Tan jarohati bilan bog‘liq jinoyatlar fuqarolarning muomila madaniyatiga rioya qilmasligi, oilada bir-birini hurmat qilmasligi va qonunlarga bo‘ysunmasligi sabab bo‘lmoqda.
Tumandagi 69 ta mahallaning 33 tasida jinoyat sodir etilmagan bo‘lsa, 29 tasida barqaror saqlangan va kamaygan, 7 tasida esa
7 (10,1%) tasida oshgan.
Tumandagi “Qoradaryo” MFYda haqiqatdan ham mahalla hududida 9 oy davomida 16 ta jinoyat sodir bo‘lgan. Ushbu jinoyatlar 13 nafar shaxs tomonidan sodir etilgan. Bundan tashqari, mahalla hududida yashovchilar tomonidan 7 ta jinoyat sodir etilgan bo‘lsa, 9 ta holatda boshqa tumanlarda yashovchi fuqarolar tomonidan M-37 xalqaro avtomobil yo‘lida jinoyat sodir qilingan.
Aziz tumandoshlar, xalqimizning farovon tinch va osoyishta hayot kechirishini ta’minlash mamlakatimizni har tomonlama taraqqiy ettirish barcha prokuratura organlari xodimlarining oliy maqsadidir.
Shuningdek, hozirda tumanimiz fuqarolari o‘zining mol-mulklarini ya’ni, uy hayvonlarini qarovsiz qoldirishi oqibatida o‘g‘irlik jinoyati ham ko‘payib bormoqda.
Shu sababli, Siz tumanimiz aholisidan yashash joylaringizda uy-hayvonlaringizni qarovsiz qoldirmasliklaringizni so‘rayman.
Xulosa o‘rnida shuni aytish lozimki, jinoyatlarning barvaqt oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish borasida amalga oshirilgan ishlar, mahallalarda kriminogen vaziyat va jinoyatlar dinamikasi to‘liq tahlil qilinib, ularning faoliyatiga xolisona baho bergan holda, aybdor shaxslarga nisbatan ta’sirchan choralar ko‘rilmoqda, jinoyatlar soni oshgan mahallalarga mavjud kuch va vositalar to‘g‘ri taqsimlanmoqda, oila-turmush doirasida, ya’ni yaqin qarindoshlar o‘rtasida sodir etiladigan jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlar kuchaytirilmoqda.
Aziz tumanimiz aholisi, Kattaqo‘rg‘on tumanida sodir etilayotgan jinoyatlarni oldini olishda olib borilayotgan profilaktik ishlarga bee’tibor bo‘lmang, ushbu tadbirlarda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yaqindan yordamingizni ayamang, qonunlarga rioya qiling.