insurez
15-11-2025 09:36

Kattaqo‘rg‘on tumani IIB boshlig‘i Aslam Ochilovning “Xavfsiz kibermakon” oyligi bo‘yicha profilaktik ogohlantiruvchi MUROJAATI


Bugungi kunda axborot texnologiyalari hayotimizning barcha jabhalariga chuqur kirib bordi. Internet, mobil ilovalar va ijtimoiy tarmoqlar insonlar o‘rtasidagi muloqotni, ish yuritish va ta’lim jarayonlarini osonlashtirmoqda. Shu bilan birga, kiberxavfsizlik masalalari, ya’ni virtual makonda yuz berayotgan hujumlar, firibgarlik va noqonuniy axborot tarqatish holatlari ham ortib bormoqda. Buning natijasida, ko‘plab fuqarolarimiz internet firibgarlarining yolg‘on aldovlariga uchrab, bilib-bilmasdan shaxsiy va bank karta ma’lumotlarini taqdim qilishi natijasida ham moddiy, ham ma’naviy zarar ko‘rayotganligi kuzatilmoqda.

Shu bois, respublikamiz miqyosida aholini kibermakondagi tahdidlardan himoya qilish, ularni kiberjinoyatlarning oqibatlaridan ogohlantirish maqsadida keng qamrovli “Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi” tezkor-profilaktik targ‘ibot tadbiri o‘tkazilmoqda.

Har biringizni kiberxavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilishga chaqiramiz. Xususan:

Soxta mobil ilova (APK) viruslari – ijtimoiy tarmoqlar, telegram kanallar yoki notanish veb-saytlar orqali tarqatilayotgan virusli .APK fayllarini yuklab olish va o‘rnatish orqali telefoningizdagi barcha ma’lumotlar (bank ma’lumotlari, shaxsiy suratlar, kontaktlar) o‘zlashtirib olinishi mumkin, soxta reklama, sovg‘a va yutuqlarga ishonmang

Onlayn savdo bilan bog‘liq firibgarliklar internetda, xususan ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan arzon tovarlarni sotib olish maqsadida noma’lum shaxslarga oldindan pul o‘tkazmang. Soxta onlayn-do‘konlarga ishonish oqibatida moddiy zararga uchrash mumkin. Har doim tovarni olgachgina pul to‘lang va savdoni rasmiy hamda ishonchli platformalar orqali amalga oshiring;

Notanish qo‘ng‘iroqlar o‘zini bank yoki davlat xodimi deb tanishtirgan shaxslar tomonidan so‘ralayotgan SMS tasdiqlash kodlarini hech qachon aytmang, soxta e’lon va reklama orqali shaxsiy ma’lumotlaringizni, bank kartasi ma’lumotlari va SMS-kodlarni kiritmang,  shubhali xabar, link yoki telefon qo‘ng‘iroqlari haqida darhol tegishli Ichki ishlar organlariga xabar bering; 

Farzandlaringizning internetdan foydalanishini nazorat qilib boring.

Hurmatli Kattaqo‘rg‘onliklar!

Har birimiz internetdan foydalanganimizda ehtiyotkor, ongli va mas’uliyatli bo‘lishimiz lozim. Shaxsiy ma’lumotlar bu sizning shaxsiy mulkingizdir. Ularni himoya qilish sizning xavfsizligingizni ta’minlash demakdir. Kibermakonda madaniyatli bo‘laylik, yolg‘on axborot tarqatmaylik, boshqalarni haqorat qilmaylik va har bir harakatimiz uchun javobgarligimizni unutmaylik.

Murojaatim yakunida, Siz azizlarni yana bir bor ogohlikka chaqiraman.

Xavfsiz internet-tinch hayot kafolati!

Aziz yurtdoshlar.

Teglar
- -