insurez
02-09-2025 19:33

Kattaqo‘rg‘on tumani hokimi J.Nasriddinovning O‘zbekiston Respublikasi davlat Mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yilligi hamda Bilimlar kuni munosabati bilan bayram TABRIGI


Kattaqo‘rg‘on tumani hokimi J.Nasriddinovning O‘zbekiston Respublikasi davlat Mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yilligi hamda Bilimlar kuni munosabati bilan bayram TABRIGI

Assalomu alaykum, Hurmatli ustoz va murabbiylar, Aziz o‘quvchilar

Sizlarni– O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 34 yilligi hamda Bilimlar kuni  байрами bilan  samimiy tabriklayman. Mustaqillik – bu xalqimizning asrlar davomida orziqib kutgan ulug‘ orzusi barchamiz uchun eng katta baxt va saodatdir.

Bugun yurtimiz bo‘ylab barcha maktablarda ilk dars soatlari “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida “Kelajak soati” mustaqillik darslari  o‘tkaziladi. Bu darslar siz aziz o‘quvchilarning qalbida Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat, millatga fidoyilik tuyg‘ularini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.

Joriy yilda tumanimiz maktablariga 6 250 nafar birinchi sinf o‘quvchilari ilk bor qadam qo‘ydi. Ular uchun Prezidentimiz tashabbusi bilan taqdim etilayotgan “Prezident sovg‘asi” – davlatimizning yosh avlodga va ta’limni rivojlantirishga bo‘lgan e’tiborining yorqin ifodasidir.

Aziz o‘quvchilar!

Ajdodlarimiz mana shu kunlarga yetishish uchun qanchadan-qancha sinovlarni boshdan kechirdi. Biz bugun ajdodlarimizning ilm olishga intilishlari ro‘yobga chiqqan tarixiy davrda yashayapmiz. Mustaqillik tufayli xalqimiz o‘z taqdirini o‘zi belgilash, erkin va ozod yashash, taraqqiyot yo‘lidan dadil borish imkoniga ega bo‘ldi.

Ta’lim va tarbiya masalalari davlatimiz siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Tumanimizda ham bu borada izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 400 o‘rinli Ilk rivojlanish markazi foydalanishga topshirildi. Shuningdek, 13 ta maktabda 350 o‘rinli qisqa muddatli guruhlar tashkil etildi.

Joriy yilda tumandagi 3 415 nafar bitiruvchidan 910 nafari yoki 26,6 foizi davlat oliy ta’lim muassasalariga qabul qilindi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan ancha yuqori bo‘lib, viloyat miqyosida kirish natijalari bo‘yicha 15-o‘rindan 11-o‘ringa, o‘rtacha ball ko‘rsatkichida esa 13-o‘rindan 11-o‘ringa ko‘tarildik.

Bu muvaffaqiyatlarda 1-IDUM, 16-maktab, 102-maktab, 56-maktab bitiruvchilarining erishgan yutuqlari alohida tahsinga loyiqdir.

Sport sohasida ham farzandlarimiz xalqimiz faxriga aylanishmoqda. Bugungi kunda tumanda 2 354 nafar yosh sportchi muntazam shug‘ullanmoqda. Ular respublika miqyosidagi nufuzli musobaqalarda munosib qatnashib, 10 ta oltin, 12 ta kumush, 26 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. Bu natijalar yoshlarimizning g‘ayrat-shijoati, murabbiylarimizning fidokorona mehnati evaziga qo‘lga kiritilgan ulkan yutuqlardir.

Hurmatli yoshlar!

Sizlar – ertangi kunimiz, Yangi O‘zbekistonimizning munosib vorislarisiz. Shu bois bilim olish, ilm-fan sirlarini puxta egallash, zamonaviy kasb-hunarlarni o‘rganish sizlarning eng asosiy vazifangizdir.

Yurtimiz kelajagi uchun fidoyilik bilan xizmat qilayotgan aziz Murabbiylar Sizlarning mehnatingizni xalqimiz yuksak qadrlaydi. Sizlar tarbiyalagan yoshlar ertaga nafaqat tuman, balki butun yurtimizning faxriga aylanadi. Shu o‘rinda barchangizni yana bir bor O‘zbekiston Respublikasi davlat Mustaqilligining 34 yilligi hamda “Bilimlar kuni” bilan chin qalbimdan samimiy tabriklab, yurtimizda tinchlik, osmonimiz musaffoligi, o‘quvchilarimizga esa yangi marralar va ulkan yutuqlar tilayman.

Kattaqo‘rg‘on tumani hokimi

J.Nasriddinov

Teglar
- -