Kattaqo‘rg‘on tuman hokimi Jamshid Nasriddinovning O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 34 yillik bayrami munosabati bilan tuman aholisiga yo‘llagan tabrigi
Assalomu alaykum, hurmatli tumandoshlar, tumanimiz mehmonlari!
Siz, azizlarni yurtimiz uchun ulug‘ va muqaddas sana – O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 34 yilligi bilan chin qalbimdan muborakbod etaman!
Mustaqillik – xalqimizning azaliy orzu-umidlari ro‘yobga chiqqan tarixiy sana, taraqqiyot va adolat yo‘lidagi mustahkam poydevor, kelajakka ishonch va iftixor timsolidir.
So‘nggi yillarda yurtimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar, xalqimiz turmush darajasi va farovonligini yuksaltirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar, erishilayotgan yuksak yutuqlar bularning barchasi “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun” degan ezgu g‘oyaning amaldagi samarasidir.
Hozirgi kunda infratuzilma ob’yektlari yangilanmoqda, jumladan, tumanning eng olis hududlarida yo‘l infratuzilmasi modernizatsiya qilindi. Misol tariqasida, Omonkalxatdan, Jizmonsoy va Sebiston mahallalarigacha bo‘lgan yo‘llar qayta ta’mirlanib, aholimiz ta’mirlangan va ravon yo‘llardan foydalanmoqda.
Tumanda yangi maktablar va maktabgacha ta’lim muassasalari qurilib, foydalanishga topshirildi. Ta’lim tizimidagi yirik o‘zgarishlar natijasida, Kattaqo‘rg‘on tumanida so‘nggi besh yil mobaynida maktab bitiruvchilarini oliy ta’limga qamrov darajasi 11 foizdan 26 foizga oshdi.
Tuman aholisiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash maqsadida, tumanning barcha hududlarida zamonaviy stasionar bo‘limlar tashkil etildi va tibbiyot muassasalari zamon talablariga mos ravishda modernizatsiya qilindi.
Mustaqillik yillarida xalqimiz yurtimizni obod qilish, davlatimizni qudratli va taraqqiy etgan mamlakatlar qatoriga qo‘shish yo‘lida katta sa’y-harakatlar qildi. Bugun barchamiz tinch va farovon hayotimizning, erkin orzu-intilishlarimizning samarasini ko‘rib turibmiz.
Faqat rejaga ishlagan agrar tumandan zamonaviy qishloq xo‘jaligi rivojlanayotgan ilg‘or tumanga va sanoatlashayotgan tumanga aylanmoqda. Muhtaram Prezidentimiz tomonidan 20 ta jadal sanoat tumanlari qatoriga kiritildi. Shuningdek, tumanda xizmat ko‘rsatish, shu jumladan, turizm xizmatlari va qurilish sohalari ham jadal rivojlanmoqda.
Kattaqo‘rg‘on tumanida 2025 yilda hududlar iqtisodiy o‘sishiga turtki beruvchi 6 ta drayver loyihalar ishlab chiqildi.
Drayver loyihalarini zarur infratuzilma bilan ta’minlash uchun birinchi bosqichda 4 ta loyiha tanlab olingan bo‘lib, ushbu loyihalarni moliyalashtirish uchun Respublika byudjetidan
7 mlrd 22 mln. so‘m miqdorida mablag‘ ajratildi. Ikkinchi bosqichda 5 mlrd so‘m ajratilishi rejalashtirildi.
Xususan ushbu drayver loyihalardan Mundiyon mahallasida BOYRAZ TEKSTIL MCHJ xorijiy tikuv trikotaj fabrikasi ishga tushdi.
Tumanda tadbirkorlik va oilaviy biznes keng qo‘llab-quvvatlanmoqda. Bu yutuqlar zamirida siz, aziz tumandoshlarimizning yurtga sadoqati, mehnatsevarligi va yangilikka intilishi yotadi.
Bugun biz yangilanayotgan O‘zbekistonning fuqarolari sifatida kelajakka katta ishonch bilan qarayapmiz. Yoshlarimizning bilimga chanqoqligi, tadbirkorlarimizning faolligi, ziyolilarimizning jamiyat taraqqiyotidagi munosib o‘rni bizni quvontiradi. Eng muhimi, xalq bilan davlat o‘rtasidagi ishonch tobora mustahkamlanmoqda.
Hurmatli tumandoshlar!
Mustaqilligimizning 34 yilligi munosabati bilan har bir xonadonga tinchlik va osoyishtalik, farovonlik va baraka, totuvlik tilayman. Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida birdam bo‘lib, ezgu maqsadlar sari hamjihatlikda mehnat qilaylik.
Bayramingiz muborak bo‘lsin!
Kattaqo‘rg‘on tumani hokimi
Jamshid Nasriddinov