insurez
21-11-2025 08:55

Kattaqo‘rg‘on jamoasi — viloyat kubogi sohibi, 7:0 hisobidagi yirik g‘alaba bilan 1-liga sari qat’iy qadamda


Yaqinda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan “Samarqand viloyati kubogi – 2025” final uchrashuvi Kattaqo‘rg‘on futboli uchun muvaffaqiyatli yilning navbatdagi tarixiy lahzasi bo‘ldi. Kattaqo‘rg‘on tumani jamoasi “Jomboy omadi” jamoasiga qarshi kechgan keskin va qizg‘in bellashuvda 4:2 hisobida ishonchli g‘alaba qozonib, viloyat kubogini qo‘lga kiritgan edi.

Shu bilan birga jamoa bugun ham mavsumning muhim bahslaridan birida maydonga tushdi. Bulung‘ur tumani “Diyor” jamoasiga qarshi o‘tgan o‘yinda Kattaqo‘rg‘on futbolchilari to‘liq ustunlikka ega bo‘lib, raqib darvozasiga yettita to‘p kiritishga muyassar bo‘ldi. 7:0 hisobidagi yirik g‘alaba futbolchilarning jamoaviy uyg‘un o‘yinini yana bir bor namoyon etdi.

"Samarqand viloyati futbol assosiatsiyasi" tomonidan tashkil etilgan “JÖGEL FUTBOL 2-LIGA SAMARKAND – 2025” onlayn musobaqasida ham Kattaqo‘rg‘on jamoasi mavsum davomida yetakchilar safida bo‘ldi. 29 ta o‘yinda 130 ta gol urib, 30 ta gol o‘tkazgan jamoa 73 ochko bilan musobaqada mutlaq peshqadamlikni qo‘lda ushlab turibdi.

Kattaqo‘rg‘on futboli oldidagi navbatdagi muhim bahs 24 noyabr kuni tuman markazidagi Yoshlik o‘yingohida bo‘lib o‘tadi. Unda jamoa Oqtosh PK jamoasiga qarshi maydonga tushadi. Bellashuv soat 12:00 da boshlanadi. Mazkur o‘yin jamoa uchun katta ahamiyatga ega bo‘lib, g‘alaba yoki durang natijasi Kattaqo‘rg‘on tumani jamoasiga Jizzax shahrida o‘tkaziladigan 1-ligaga o‘tish turnirida ishtirok etish imkonini beradi.

Kattaqo‘rg‘on futbolchilari so‘nggi uchrashuvlardagi yuqori natijalar bilan o‘z ishonchini oshirib, muxlislar qalbida ham katta umid uyg‘otmoqda. 

Muxlislar esa jamoadan 1-liga sari qo‘ygan qadamning muvaffaqiyatli bo‘lishini kutmoqda.

Teglar
- -