Kam ta’minlangan oilalarga energiya xarajatlari uchun kompensatsiyalar to‘lanadi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishda ehtiyojmand aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, 2025 yildan boshlab aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlash mexanizmi amalga oshiriladi.
Shu munosabat bilan, Kattaqo‘rg‘on tumanida “Kambag‘al oilalar reyestri” va “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”da ro‘yxatdan o‘tgan 12 697 nafar oilalarga 2025 yil davomida jami 1 milliard 357 million 448 ming so‘m moddiy yordam va kompensatsiya to‘lovlari ajratilishi rejalashtirilgan.
Kompensatsiya qanday to‘lanadi?
Elektr energiyasi bo‘yicha:
Oyiga 150 kVt/soatdan ortiq iste’mol uchun qish mavsumida oyiga 30 ming so‘mgacha, boshqa davrda 18,4% xarajatni qoplash uchun kompensatsiya beriladi.
Natijada qishda — 77,2%, boshqa davrda — 92,4% oilalar elektr energiyasini bazaviy narxda iste’mol qiladi.
Tabiiy gaz bo‘yicha:
Qishda oyiga 250 kub.m., boshqa davrda 150 kub.m.dan oshgan iste’mol uchun tarif farqi davlat tomonidan qoplab beriladi.
Qishda oyiga 200 ming so‘mgacha, boshqa mavsumda 120 ming so‘mgacha kompensatsiya to‘lanadi.
Bu esa qishda 83%, boshqa davrda 93,2% kambag‘al oilalar uchun asosiy narxda gaz iste’mol qilish imkonini yaratadi.
Qo‘shimcha bir martalik yordam: 2025/2026 yilgi isitish mavsumi uchun tarif oshishi sababli, har bir ehtiyojmand oilaga 1 million so‘m miqdorida qo‘shimcha moddiy yordam ajratiladi. Bu yordam nafaqat reyestrdagi, balki “kambag‘allikka tushish xavfi bor” oilalarga ham “Mahalla yettiligi” xulosasi asosida beriladi.
Alohida e’tibor: Qo‘shimcha ro‘yxatlarga faqat muayyan mezonlarga to‘g‘ri keladigan oilalar kiritiladi. Jumladan:
boquvchisini yo‘qotgan,
nogironlar bor oilalar,
uzoq muddatli davolanishga muhtoj shaxslar yashaydigan,
yolg‘iz keksalar va nogironlar,
isitish tizimi yo‘q ko‘p qavatli uylarda yoki bir necha oila yashaydigan xonadonlarda istiqomat qiladigan oilalar.
Shu bilan birga, qo‘shimcha ro‘yxatga kiritiladigan oilalar soni mahalladagi asosiy reyestrdagi oilalar sonining 40 foizidan oshmasligi shart.
Faxriddin Yuldashev,
Kattaqo‘rg‘on tuman “Inson” markazi
Ijtimoiy to‘lovlar shoʻbasi mudiri