insurez
14-03-2025 08:52

"Har bir yoshning qalbida quyosh bor. Uning porlashi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish – bizning oliy maqsadimizdir".


Kattaqo‘rg‘on tuman 2-son Politexnikumida “Kasbim – kelajagim poydevori” shiori ostida “Kasbim – faxrim” va “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri o‘tkazildi. Tadbir yoshlar uchun kelajakdagi kasb tanlovi, ish bilan ta’minlanish va iqtidorlarini namoyon etish imkoniyatini yaratdi.

Tadbirda tuman hokimi Jamshid Nasriddinov, Samarqand viloyati Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi mas’ul xodimi Izzatillo Tuychiyev, tuman prokurori Shuxrat Xolmurzayev, Samarqand Davlat Universiteti Kattaqo‘rg‘on filiali ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Fazliddin Sirojiddinov ishtirok etdilar.

Tadbir doirasida Politexnikum faollar zalida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi o‘tkazildi. Unda tuman hokimi Jamshid Nasriddinov yoshlarga davlat tomonidan berilayotgan imkoniyatlar, kasb-hunar ta’limi va mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan sohalar haqida fikr bildirdi.

"Har bir yoshning qalbida quyosh bor. Bu quyoshni porlatish, ularning orzulari ro‘yobga chiqishi uchun esa biz zarur sharoitlarni yaratib berishimiz kerak. Buning uchun yoshlar o‘z ustida ishlashi, bilim va kasb-hunar egallashi kerak. Shuning uchun bugun biz nafaqat bilim berish, balki amaliy mashg‘ulotlar orqali yoshlarning salohiyatini namoyon qilishga ahamiyat qaratyapmiz. Imkoniyatlar bor, eng muhimi – fidoyilik va intilish. Biz esa yoshlar bilan birga ularning kelajagini yaratishga tayyormiz."

Tadbir davomida Kattaqo‘rg‘on tuman kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi tomonidan bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi tashkil etildi. Bu orqali yoshlar o‘zlariga mos ish joylarini topish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Shuningdek, tuman maktablarining 9 va 11-sinf bitiruvchi o‘quvchilari ishtirokida “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida o‘tkazilgan kitob yarmarkasi – yoshlarning kitobga bo‘lgan qiziqishini oshirishga xizmat qildi, shaxmat va shashka musobaqalari – yoshlar intellektual salohiyatini namoyon etdi va futbol o‘yinlari – yoshlar o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirdi.

Tadbir davomida Politexnikum o‘qituvchilari uchun o‘quv materiallari to‘plami va ularning erishgan yutuqlari taqdim etildi. Shuningdek, sport zalida 10 ta yo‘nalish bo‘yicha ishlab chiqarish ta’limi ustalari va o‘quvchi yoshlar ishtirokida amaliy mashg‘ulotlar namoyish etildi.

Bundan tashqari, Politexnikum o‘quvchi yoshlari tomonidan uy-ro‘zg‘or buyumlari, dekorativ mahsulotlar va milliy hunarmandchilik buyumlari namoyish etildi. Savdo yarmarkasi shaklida tashkil etilgan bu ko‘rgazma yoshlarga o‘z mahoratini oshirish, tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirishga turtki bo‘ldi.

Har bir yoshning qalbida quyosh bor, uning porlashi uchun sharoit yaratish zarur. Mazkur tadbir Politexnikum o‘quvchilari, bitiruvchilar va yoshlar uchun katta imkoniyatlar eshigini ochdi. Tuman hokimi ta’kidlaganidek, bilim va kasb-hunar egallash, mehnat qilish orqali yoshlar o‘z kelajagini yaratishi mumkin.

Bu kabi tashabbuslar yoshlarning malakali mutaxassis bo‘lib yetishishi, mehnat bozorida o‘z o‘rnini topishi va kelajakda iqtisodiy jihatdan mustaqil shaxs bo‘lishiga zamin yaratadi.

Teglar
- -