Har bir murojaat zamirida inson taqdiri yotadi
Kattaqo‘rg‘on tumanida aholining turli muammolarini o‘rganish va ularga yechim topish maqsadida fuqarolar qabuli o‘tkazildi. Qabulni tuman hokimi Jamshid Nasriddinov boshchiligida tuman prokurori Shuxrat Xolmurzayev, tuman IIB boshlig‘i Aslam Ochilov, tuman soliq bo‘limi boshlig‘i Nurbek Razzoqov hamda Xalq qabulxonasi mudiri Zokirxon Abdullayevlar o‘tkazdi.
Qabul davomida 60 dan ortiq fuqarolarning turli yo‘nalishlardagi muammo va takliflari qabul qilindi. Murojaatlar asosan doimiy ishga joylashish, tibbiy xizmat ko‘rsatilishi, moddiy yordam ajratish, uy-joy ta’miri va kommunal xizmatlarga oid masalalarni o‘z ichiga oldi.
Qabul jarayonida murojaatlarning katta qismi joyida ijobiy hal etildi. Muddat talab etadigan masalalar bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi, bir qancha murojaatlarga esa qonuniy jihatdan tushuntirishlar berildi.