Gʻalladan bo‘shagan maydonlar – takroriy hosilga xizmat qiladi
Kattaqo‘rg‘on tumanida qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirish, yerlardan samarali foydalanish hamda aholi bandligini ta’minlash maqsadida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, g‘alla o‘rimi yakunlanganidan so‘ng yerlarni takroriy ekinlar bilan to‘ldirishga alohida e’tibor qaratilayotir.
Shu maqsadda tumanning Mundiyon mahallasida joylashgan “Nazokat Oltin Dalasi” fermer xo‘jaligi hududida amaliy seminar tashkil etildi.
Seminarda Kattaqo‘rg‘on tumani hokimi Jamshid Nasriddinov, Fermerlar Kengashi raisi Mardon Mavlonov, qishloq xo‘jaligi sohasidagi mutasaddilar, agronomlar hamda mahalliy fermerlar ishtirok etdilar.
Seminarda ta’kidlanganidek, joriy yilda tumanda 8293 gektar g‘alladan bo‘shagan yerlarda 125 gektar maydonga sabzavot, 485 gektarga kartoshka, 4000 gektarga mosh, 2900 gektarga ozuqa ekinlari, 689 gektarga boshqa turdagi mahsulotlar ekish belgilangan.
Mutasaddilar tomonidan seminar ishtirokchilariga ekin ekishda agrotexnik qoidalarga qat’iy rioya qilish, ekin navlarini to‘g‘ri tanlash, suvdan tejamkorlik bilan foydalanish va bozor talablarini hisobga olgan holda mahsulot yetishtirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
— Takroriy ekinlar ekish faqat hosil olish emas, balki xalqimiz uchun qo‘shimcha ish o‘rni, daromad manbai demakdir, — dedi tuman hokimi Jamshid Nasriddinov. — Har bir fermer har bir qarich yerdan oqilona foydalanishi zarur.
Qishloq xo‘jaligida yuqori samaraga erishishning asosiy shartlaridan biri sifatida sohaga zamonaviy yondashuvlar va ilm-fan yutuqlarini joriy etish zarurligi qayd etildi.