ATROF MUHITNI MUHOFAZA QILISH VA TABIIY RESURSLARDAN OQILONA FOYDALANISH – DAVLAT NAZORATINING USTUVOR YO‘NALISHLARI
O‘zbekiston Respublikasida ekologik xavfsizlikni ta’minlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish hamda inson faoliyatining tabiatga salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.
Avvalo, chiqindilar bilan bog‘liq ishlar yuzasidan qonunchilikka rioya etilishini ta’minlash, maishiy chiqindilarni yig‘ish, tashish, qayta ishlash, utilizatsiya qilish va ko‘mish tizimini takomillashtirish hamda ushbu sohada davlat-xususiy sherikchilik mexanizmlarini keng joriy etish muhim vazifalardan hisoblanadi.
Shu bilan birga, atmosfera havosi, suv, yer osti boyliklari, o‘rmonlar, hayvonot va o‘simlik dunyosini muhofaza qilishda qonunchilikka amal qilinishi ustidan davlat ekologik nazorati o‘rnatilgan. Tabiiy hududlarni muhofaza qilish, ulardan oqilona foydalanish va bioxilma-xillikni asrab-avaylashga qaratilgan ishlarning samaradorligi doimiy ravishda oshirib borilmoqda.
O‘simlik va hayvonot dunyosini saqlash, ularning tabiiy turkumlari yaxlitligini ta’minlash, yashash muhitini muhofaza qilish hamda qayta tiklanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish – ekologik siyosatning ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.
Ekologiya sohasini «Korrupsiyasiz soha»ga aylantirish, ekologik madaniyat, targ‘ibot va ta’limni yo‘lga qo‘yish, ilmiy-tadqiqot muassasalari va oliy ta’lim tizimiga ko‘maklashish ham dolzarb vazifalar sirasiga kiradi.
Shuningdek, atrof muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va chiqindilar bilan bog‘liq ishlarda huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha profilaktik choralar amalga oshirilib, fuqarolarning qulay atrof muhitga bo‘lgan huquqlarini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Jamoatchilik va fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikni kuchaytirish, ekologik nazoratni amalga oshirishda aholi ishtirokini kengaytirish, jamoatchilikka uslubiy yordam ko‘rsatish ham ekologiya sohasidagi muhim yo‘nalishlardan biridir.
Xulosa o‘rnida, O‘zbekiston Respublikasida ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va qayta tiklash, inson faoliyatining tabiatga salbiy ta’sirini cheklash borasidagi barcha tartib-qoidalar qonun hujjatlari bilan to‘liq tartibga solingan va izchil amalga oshirilmoqda.
Dilnoza Isayeva , Fuqarolik ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumanlararo sudi sudyasi




