insurez
18-12-2024 17:21

“Zo‘ravonlikka qarshi 16 kun”


Mamlakatimizda xotin-qizlarni zo‘ravonlikdan himoya qilish borasida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, xotin-qizlarni zo‘ravonlikdan himoya qilishga oid bir qator xalqaro hujjatlar ratifikatsiya qilindi. 
Milliy qonunchiligimizda ham inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, uning hayoti, sog‘lig‘i, qadr-qimmati va boshqa qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalari ustuvor vazifa etib belgilangan.
2019 yil 2 sentyabrda qabul qilingan ”Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning maqsadi xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Qonunning 3-moddasida asosiy tushunchalar ko‘rsatilgan va izohlangan:
jinsiy zo‘ravonlik 
Xotin-qizlarga nisbatan ularning roziligisiz shahvoniy xususiyatga ega harakatlarni sodir etish orqali jinsiy daxlsizlikka va jinsiy erkinlikka tajovuz qiladigan zo‘ravonlik shakli, shuningdek zo‘rlik ishlatish yoki zo‘rlik ishlatish bilan tahdid qilish yoxud ayol jinsidagi voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan axloqsiz harakatlar sodir etish orqali uchinchi shaxs bilan jinsiy aloqa qilishga majburlash jinsiy zo‘ravonlik deb ta’riflanadi.
jismoniy zo‘ravonlik
Xotin-qizlarga nisbatan og‘irligi turli darajada bo‘lgan tan jarohatlari yetkazish, xavf ostida qoldirish, hayoti xavf ostida qolgan shaxsga yordam ko‘rsatmaslik, zo‘ravonlik xususiyatiga ega boshqa huquqbuzarliklar sodir etish, jismoniy ta’sir o‘tkazish yoki bunday ta’sir o‘tkazishning o‘zga choralarini qo‘llash bilan tahdid qilish orqali xotin-qizlarning hayoti, sog‘lig‘i, erkinligi hamda qonun bilan himoya qilinadigan boshqa huquqlari va erkinliklariga tajovuz qiladigan zo‘ravonlik shakli jismoniy zo‘ravonlik deb e’tirof etiladi.
zo‘ravonlik 
Xotin-qizlarga nisbatan jismoniy, ruhiy, jinsiy yoki iqtisodiy ta’sir o‘tkazish yoki bunday ta’sir o‘tkazish choralarini qo‘llash bilan tahdid qilish orqali ularning hayoti, sog‘lig‘i, jinsiy daxlsizligi, sha’ni, qadr-qimmati va qonun bilan himoya qilinadigan boshqa huquqlari hamda erkinliklariga tajovuz qiladigan g‘ayrihuquqiy harakat (harakatsizlik) zo‘ravonlik deb tan olinadi.
iqtisodiy zo‘ravonlik
xotin-qizlarga nisbatan turmushda, ish joylarida va boshqa joylarda amalga oshirilgan zo‘ravonlik shakli, xotin-qizlarning normal yashash va kamol topish uchun oziq-ovqat, uy-joy hamda boshqa zarur shart-sharoitlar bilan ta’minlanishga bo‘lgan huquqini, mulk huquqini, ta’lim olish hamda mehnatga oid huquqini amalga oshirishni cheklashga olib keladigan harakat (harakatsizlik) iqtisodiy zo‘ravonlik deb ta’riflanadi.
ruhiy zo‘ravonlik 
Xotin-qizlarni haqoratlash, ularga tuhmat qilish, tahdid qilish, ularning sha’nini, qadr-qimmatini kamsitish, shuningdek ularning xohish-irodasini cheklashga qaratilgan boshqa harakatlarda ifodalanadigan zo‘ravonlik shakli, shu jumladan reproduktiv sohada nazorat qilish, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchida o‘z xavfsizligi uchun xavotir uyg‘otgan, o‘zini himoya qila olmaslikka olib kelgan yoki ruhiy sog‘lig‘iga zarar yetkazgan harakat (harakatsizlik) ruhiy zo‘ravonlik deb ta’riflanadi.
tazyiq 
Xotin-qizlarning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitadigan harakat yoki harakatsizlik, shu jumladan, shilqimlik tazyiq deb ta’riflanadi.
himoya orderi — tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchiga davlat himoyasini taqdim etuvchi, xotin-qizlarga tazyiq o‘tkazayotgan yoki ularga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgan shaxsga yoxud bir guruh shaxslarga nisbatan ushbu Qonunda belgilangan ta’sir ko‘rsatish choralari qo‘llanilishiga sabab bo‘ladigan hujjat.
Xulosa qilib aytganda, jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish, tazyiq va zo‘ravonlikka doir murosasizlik muhitini yaratish bo‘yicha say-harakatlarni doimiy ravishda izchil amalga oshirish sodir etilayotgan zo‘ravonlikning kamayishiga olib keladi.
Farrux Salomov, Jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tuman sudi sudyasi.

Teglar
- -