🩺 Yangi imkoniyatlar va yuksak e’tirof – sog‘lom jamiyat sari yana bir qadam
🩺 Yangi imkoniyatlar va yuksak e’tirof – sog‘lom jamiyat sari yana bir qadam
Kattaqo‘rg‘on tumanida sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish va zamonaviy imkoniyatlar yaratish yo‘lida navbatdagi amaliy qadam tashlandi.
Ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika tarkibidan alohida bo‘lib chiqqan 1-son oilaviy poliklinikaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda tuman hokimi Jamshid Nasriddinov, tuman rahbarlari, soha vakillari hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.
Marosimda so‘zga chiqqan tuman hokimi Jamshid Nasriddinov mamlakatimizda tibbiyot tizimini isloh qilish, aholi salomatligini muhofaza etish va har bir fuqaroga qulay sharoit yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi. Yangi poliklinikada yaratilgan zamonaviy sharoitlar aholiga yaqin, tez va sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish imkonini berishi alohida qayd etildi.
Shundan so‘ng tadbir ishtirokchilari yangidan foydalanishga topshirilgan muassasadagi xizmat xonalari, diagnostika uskunalari va tibbiy sharoitlar bilan tanishdilar. Zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlangan bu markaz fuqarolarga dastlabki tibbiy yordam, profilaktika va maslahat xizmatlarini yuqori darajada ko‘rsatishga xizmat qiladi.
Har bir jamiyatda xalqning farovonligini yuksaltirish, aholini ijtimoiy himoya qilish va odamlarning har bir kundan roziligini ta’minlash ko‘p jihatdan sog‘liqni saqlash tizimi imkoniyati va tibbiyot xodimlarining salohiyatiga bog‘liq. Shu jihatdan, bugungi kunda tibbiyot sohasiga berilgan e’tibor – jamiyat salomatligini ta’minlashga qaratilgan amaliy ifodadir.
Shu kuni Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan ham tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda tuman hokimi Jamshid Nasriddinov soha fidoiylarini kasb bayrami bilan samimiy tabriklab, ularning halol va fidokorona mehnatiga yuksak minnatdorlik izhor etdi.
Tadbir yakunida bir qator faol tibbiyot xodimlariga tuman hokimi va sog‘liqni saqlash boshqarmasining tashakkurnomalari va esdalik sovg‘alari topshirildi. Ushbu bayram tadbiri nafaqat kasb egalariga hurmat va e’tirof, balki inson salomatligini muhofaza qilish yo‘lida fidoyilik ko‘rsatayotgan barcha soha vakillariga bo‘lgan chuqur ehtirom ramzi bo‘ldi.




