insurez
11-09-2025 14:21

Tadbirkor – yurt tayanchi: Kattaqo‘rg‘on tadbirkorlari bilan ochiq muloqot


Kattaqo‘rg‘on tumani hokimligida tuman hokimi Jamshid Nasriddinov tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Uchrashuvning asosiy maqsadi – tadbirkorlik faoliyati uchun qulay shart-sharoit yaratish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va mavjud muammolarni hal etishdan iborat bo‘ldi.

Dastlab, tuman hokimi so‘zga chiqib, tumanda amalga oshirilayotgan islohotlar va kelgusi rejalar haqida atroflicha ma’lumot berdi. U tadbirkorlikni rivojlantirish — yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi farovonligini oshirish va tuman iqtisodiyotida barqaror o‘sishga erishishda eng muhim omil ekanini ta’kidladi.

Uchrashuv davomida tadbirkorlar o‘z taklif va tashabbuslarini bildirish bilan birga, amalda duch kelayotgan muammolarini ham ochiq bayon etishdi. Ular orasida yer ajratish, kredit olishdagi to‘siqlar, infratuzilmani yaxshilash, logistika va bozorga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish kabi masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Muloqot jarayonida Kattaqo‘rg‘on tumani Navbahor mahallasi hududidan o‘tgan M-37 avtomagistral yo‘lining 1 km qismida joylashgan, jami 2 gektar yer maydondan 37 ta lot auksion orqali tadbirkorlarga sotilgani ma’lum qilindi.

Tuman hokimi ushbu lot egalari bilan suhbatda bu yerda "Mahalliy mahsulotlar markazi"ga aylantirish, markaz faoliyati orqali Kattaqo‘rg‘onga kirib kelgan mehmonlar mahalliy ishlab chiqaruvchilar tayyorlagan milliy mahsulotlarni sotib olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu tashabbus tadbirkorlar uchun ham, tuman iqtisodiyoti uchun ham katta imkoniyatlar eshigini ochishi ta’kidlandi.

Ochiq muloqot erkin va samarali ruhda o‘tdi. Tadbirkorlarni qiynayotgan masalalarni hal etish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.

Teglar
- -