insurez
12-09-2025 11:56

Sud tizimida raqamli islohotlar yangi bosqichda


Bugungi kunda mamlakatimizda sud-huquq sohasidagi islohotlar izchil va aniq maqsadlar yo‘lida amalga oshirilmoqda. Joriy yilning 21 avgustida Prezidentimiz tomonidan tasdiqlangan “Sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish hamda sud tizimining moddiy-texnika ta’minotini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmon ushbu jarayonlarni yangi bosqichga ko‘tardi.

Ushbu farmon asosida qabul qilingan “Raqamli sud” konsepsiyasi mamlakatimiz sud tizimini raqamlashtirish, uning samaradorligini oshirish va odil sudlovni ta’minlashga yo‘naltirilgan muhim qadam hisoblanadi. Endi sud ishlari qog‘ozsiz va to‘liq elektron shaklda yuritiladi. Bu esa ishlarni tezkor va shaffof tarzda ko‘rib chiqish imkoniyatini yaratadi.

Sun’iy intellekt texnologiyalari yordamida:

sud xarajatlari va muhokamalarning ehtimoliy natijasi oldindan tahlil qilinadi;

sud majlislarida masofaviy ishtirok etish imkoniyatlari kengaytiradi;

fuqarolar va tadbirkorlar uchun murojaat qilish, hujjat yuborish, ish materiallari bilan onlayn tanishish va bayonnomalarni avtomatik tayyorlash kabi xizmatlar yo‘lga qo‘yiladi.
Shu bilan birga, sud tizimini zamonaviy texnik baza bilan ta’minlash va sudyalar hamda sud xodimlarining raqamli savodxonligini oshirish chora-tadbirlari ham belgilangan.

Farmon asosida amalga oshiriladigan muhim yangiliklar

1️⃣ 2025 yil 1 dekabrdan boshlab fuqarolar, advokatlar, yuristlar va sudyalar uchun normativ-huquqiy hujjatlarni tahlil qilish platformasi ishga tushiriladi. U sun’iy intellekt asosida ishlab, qonunchilik bazasini tahlil qilish va huquqiy asoslarni topishda yordam beradi.

2️⃣ 2025 yil yakuniga qadar sud hujjatlarini avtomatik tayyorlash imkonini beruvchi maxsus dastur yaratiladi. U sud qarorlari, protokollar va boshqa hujjatlarni avtomatik shakllantirib, inson xatolarini kamaytiradi va ish jarayonini tezlashtiradi.

3️⃣ 2026 yil 1 yanvardan esa “my.sud.uz” portalida yangi modul ishga tushadi. Uning orqali:

sun’iy intellekt asosida ishlaydigan virtual maslahatchi huquqiy savollarga javob beradi;

sud bilan bog‘liq ma’lumotlar avtomatik yetkaziladi;

huquqiy murojaatlar qabul qilinib, tegishli tashkilotlarga yo‘naltiriladi.
Eng muhimi, qaror qabul qilish huquqi sudya ixtiyorida qoladi. Sun’iy intellektning vazifasi faqat ish jarayonini tezlashtirish va xolislikni ta’minlashdan iborat.

Xulosa

Prezidentimizning mazkur farmoni orqali amalga oshirilayotgan islohotlar — odil sudlovning raqamli zamon talablari darajasida takomillashuvi, inson huquq va erkinliklarini mustahkam himoya qilish, shuningdek, mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzini yanada oshirishga xizmat qiladi.

✍️ J.Yusupov,
Kattaqo‘rg‘on tumanlararo iqtisodiy sudi raisi

✍️ M.Tog‘ayev, Kattaqo‘rg‘on tumanlararo 
iqtisodiy sudi sudyasi.

✍️ Uchkun Alikulov,
Kattaqo‘rg‘on tumanlararo iqtisodiy sudi arxiv mudiri.

Teglar
- -