insurez
26-04-2025 14:22

Sessiyada viloyat tashkilotlari rahbarlari hisobot berdi, bozorlar va maktab oshxonalaridagi sanitar holat tanqid qilindi


Joriy yilning 25 aprel kuni xalq deputatlari Kattaqo‘rg‘on tumani Kengashining yettinchi chaqiriq to‘qqizinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiya ishini tuman hokimi, Kengash raisi Jamshid Nasriddinov olib bordi. Unda tuman sektor rahbarlari, mutasaddi tashkilotlar, deputatlar, viloyat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Sessiya kun tartibida tumanning ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga daxldor 11 ta muhim masala muhokama qilindi. Jumladan:

2025 yilgi vegetatsiya mavsumida sug‘orish va sanoat-texnik ehtiyojlar uchun ajratilgan suv limiti tasdiqlandi;

tuman mahalliy byudjetining erkin qoldiq mablag‘laridan foydalanish bo‘yicha qaror qabul qilindi;

jamoatchilik fikri asosida g‘olib loyihalarni tanlab olish va ularni moliyalashtirish masalalari ko‘rib chiqildi;

Prezidentning Virtual va Xalq qabulxonalari orqali kelib tushgan murojaatlar tahlili, huquqbuzarliklarning oldini olish, mahalliy byudjet ijrosi hamda sog‘liqni saqlash sohasiga oid hisobotlar tinglandi.

Sessiyada ayrim masalalar bo‘yicha tanqidiy muhokamalar ham bo‘lib o‘tdi. Xususan, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi rahbarining hisobotida kamchiliklar, bozorlar va maktab oshxonalaridagi sanitar holat aniqlangani bois, deputatlar tomonidan hisobot qabul qilinmadi. Kamchiliklar bartaraf etilgandan so‘ng, hisobotni kelgusi sessiyada qayta tinglash belgilandi.

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Samarqand hududiy bo‘linmasi rahbari Rustam Olimovning hisoboti esa 2024 yilda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan tanqidiy baholandi. Uning hisoboti to‘liq qabul qilinmasdan, 2025 yilda mavjud kamchiliklarni bartaraf etish va keyingi sessiyada hisobot bilan yana qatnashishi shartligi belgilangan holda shartli ravishda ma’qullandi.

Sessiya yakunida muhokama qilingan barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilinib, mas’ullarga aniq vazifalar yuklatildi. Deputatlar tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalar asosida aniq chora-tadbirlar belgilandi.

Teglar
- -