Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni: Kattaqo‘rg‘onda mehnat fidoyilari e’zozlandi
Qishloq xo‘jaligi tarmog‘i mamlakatimiz taraqqiyotida muhim ahamiyat kasb etadi. Bu sohada mehnat qilayotgan fidoyi xodimlarning xizmatlarini qadrlash va ularni rag‘batlantirish maqsadida Kattaqo‘rg‘on tumanida Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni keng nishonlandi. Tadbir "Royal" bazmgohida o‘tkazilib, unda tarmoqning turli sohalarida faoliyat yuritayotgan ishchilar, mehnat faxriylari va rahbarlar ishtirok etdi.
Tadbirni tuman hokimi Jamshid Nasriddinov ochib berdi. U o‘z nutqida ishtirokchilarni qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni bilan samimiy qutlar ekan, sohada erishilgan yutuqlar, kelgusi rejalar va dehqonlar hamda fermerlarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari haqida fikr yuritdi. Shuningdek, dehqonlarimizning mehnati har doim yuksak qadrlanishi va qo‘llab-quvvatlanishini aytdi.
Marosimning eng quvonchli qismi — sohada alohida faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlarni taqdirlash bo‘ldi. Quyidagi mukofotlar topshirildi:
"Ilg‘or fermer", "Namunali tomorqachi" va "Mehnatkash dehqon" ko‘krak nishonlari va shuningdek, faollarga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari taqdim etildi. Bu e’tirof dehqon va fermerlarning kelajakdagi yutuqlari uchun yanada kuchli rag‘bat bo‘ldi.
Tantanali tadbir konsert dasturi bilan boyitildi. Tuman san’atkorlari tomonidan ijro etilgan qo‘shiqlar va raqslar yig‘ilganlarga bayramona kayfiyat baxsh etdi. Quvnoq musiqalar va milliy raqslar tadbirni yanada jonlantirdi. Barcha ishtirokchilar o‘yin-kulgida faol ishtirok etishdi.
Mazkur tadbir qishloq xo‘jaligi xodimlarining mehnatiga bo‘lgan hurmatning yana bir yorqin namunasi bo‘ldi. Bu kabi bayramlar mehnatkashlarning yanada faol bo‘lishlari uchun kuchli turtki bo‘lib xizmat qiladi.