QISH MAVSUMIDA G‘ALLA MAYDONLARIMIZGA ENG DOLZARB AGROTEXNIK TADBIRLARNI O‘Z VAQTIDA QO‘LLAB, 2026 YILDA G‘ALLADAN YaNADA MO‘L HOSIL OLAYLIK!
QISH MAVSUMIDA G‘ALLA MAYDONLARIMIZGA ENG DOLZARB AGROTEXNIK TADBIRLARNI O‘Z VAQTIDA QO‘LLAB, 2026 YILDA G‘ALLADAN YaNADA MO‘L HOSIL OLAYLIK!
Kattaqo‘rg‘on fermerlari kengashi Rayosati a’zolarining fermerlarga
MUROJAATI
Qadrli yurtdoshlar!
Hurmatli dehqon va fermerlar!
Keyingi yillarda yer yuzida ro‘y berayotgan iqlim o‘zgarishlari, tabiiy ofatlar va qurg‘oqchilik kabi holatlar oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishni qiyinlashtirayapti.
Mamlakatimizda bu yil kuz fasli hamda dekabr oyining birinchi o‘n kunligi quruq va iliq kelmoqda. Albatta, bu holat fermerlarga o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatmoqda.
Ana shunday holatlarning oldini olish maqsadida mamlakatimizda so‘nggi yillarda Siz, dehqon fermerlarga davlatimiz rahbari tomonidan ko‘plab Farmon va qarorlar qabul qilinib, buning natijasida joylarda ulkan yutuqlarga erishildi.
Jumladan, agrar tarmoqda ishlab chiqarish hajmi sezilarli darajadi oshdi. Shuningdek, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy holatini barqaror rivojlantirish, fuqarolarning sog‘ligi va hayotini yaxshilashning asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Azaldan xalqimiz nonni eng ulug‘ ne’mat bilib qadrlaydi. Yangi O‘zbekistonimizning bu yilgi ulkan g‘alla xirmoni omilkor dehqon va fermerlar, suvchilar, agronom va mexanizatorlar, g‘allachilik klasterlari rahbarlari, sohaning fidoiy olimlari tajribali mutaxassislarining zahmatli mehnatlari evaziga yaratildi.
Bu esa mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli yangilanishlar, g‘allachilikni rivojlantirish borasidagi iqtisodiy tub islohotlarning amaliy natijasidir.
Boshoqli don yetishtirish sohasida bozor tamoyillari joriy etildi.
Fermer xo‘jaliklariga g‘alla yetishtirish uchun ajratilgan imtiyozli kredit mablag‘laridan erkin foydalanish hamda xizmat ko‘rsatuvchi va resurs yetkazib beruvchilarni ixtiyoriy tanlash huquqining berilishi, shuningdek, donni xarid qilish hamda sotishda birja mexanizmining joriy etilishi yuqori manfaatdorlikni ta’minlamoqda.
Davlat resursi va birja savdolarida sotish uchun g‘alla topshirish manfaat keltirayotganini siz fermerlar his etmoqdamiz.
Shuningdek, suv tejovchi texnologiyalar joriy qilish uchun subsidiya ajratilishi natijasida yomg‘irlatib sug‘orish tizimlari o‘rnatilgan g‘alla maydonlari yildan-yilga kengayib bormoqda.
Bugungi kunda, hududlarda ekilgan g‘alla maydonlarida tuplagan, 3-4 barg, 1-2 barg fazasida rivojlanayotgan, hatto unib chiqmagan maydonlarni ham uchratish mumkin.
Dehqonlar ta’biri bilan aytganda, “Yil yilga uxshamaydi”, bugungi kunda g‘alla maydonlarini parvarishlashda o‘zgacha agrotexnik tadbirlarni amalga oshirishni taqoza etmoqda.
Tegishli soha olim va mutaxassislari tomonidan Xitoy, Turkiya, Pokiston, Nepal va Hindiston davlatlarining suv tanqis, (kamyomg‘ir bo‘lganda) havo harorati iliq keladigan hududlarida g‘alla yetishtirishda qo‘llaniladigan tajribalari o‘rganib chiqildi.
Misol uchun, Xitoyda g‘alla ekilgan maydonlarning yuza qismini chirigan gung bilan yopib chiqish (mulchalash) namni uzok saqlaydi va haroratning keskin uzgarishini kamaytiradi.
G‘alla yetishtirishda mavsum boshida qurg‘oqchilik kuzatilsa, kam miqdordagi 40-50 mm suv bilan sug‘orish o‘tkaziladi.
Ekin maydonini oziqlantirishda azotli o‘g‘itlar miqdorini kamaytirib, fosforli va kaliyli o‘g‘itlar me’yorlarini oshiradi.
Turkiya davlatining Konya, Shonliurfa, Harran vodiylarida g‘alla yetishtirishda mavsum boshida qurg‘oqchilik kuzatilsa kam miqdordagi 40-60 mm suv bilan sug‘orish o‘tkaziladi. Bunda, tuproqdagi namlik 40-50 foizga tushganda sug‘orish ishlarini o‘tkazishadi (yaxshi samara bergan).
Tarkibida aminokislotalar, gumin kislotalari, rux, magniy, kremniy kabi mikroelementlar mavjud biostimulyatorlarni qo‘llash g‘alla nihollarida qurg‘oqchilikka chidamlilikni oshiradi.
Pokiston davlatida esa, suv resurslari kam bo‘lganda gektariga 200-300 m3 miqdorda suv bilan tez sug‘orish usulidan foydalaniladi.
Begona o‘tlarga qarshi kurash olib boradi, chunki begona o‘tlar cheklangan suv resursini yaxshi o‘zlashtiradi.
Aziz mirishkor dehqon va fermerlar!
Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi tomonidan kuz oylari quruq va iliq kelganda boshoqli don ekinlarini parvarishlash bo‘yicha ishlab chiqilgan ilmiy tavsiyanomaga asosan g‘alla yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklariga va klasterlarga 2026 yilda har bir gektar g‘alladan 80-100 sentnerdan hosil olish uchun kuyidagilarni amalga oshirishni maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz:
birinchidan, ekilgan g‘alla maydonlarini undirib olish uchun suvchilarni ko‘paytirgan holda, o‘qariqlar orasini 60-70 metrdan olib, to‘liq sug‘orishni tashkil eting;
ikkinchidan, suv tanqisligi va yog‘ingarchilikning kam bo‘lishini inobatga olgan holda, tuplagan va 3-4 bargli g‘alla maydonlariga 150 kgdan, 1-2 barg va unib chiqmagan maydonlarga 100-120 kgdan sulfat ammoniy o‘g‘itini dala sharoitidan kelib chiqib, 3 dekabrdan 10 dekabrga qadar oziqlantirishni yakunlang;
uchinchidan, kechki va qoloq g‘alla maydonlarni yaxshilash maqsadida qo‘shimcha gektariga 100-150 kg azotli o‘g‘itlar bilan oziqlantirib, g‘alladan barakali hosil olishga erishing;
to‘rtinchidan, dekabr oyida ob-havoning quruq va iliq kelishini inobatga olib, suspenziya sepish yaxshi natija berishi tajribasidan kelib chiqib, suyuk fosforga ega bo‘lgan IFO-PZN, NPK, FLOWER kabi biostimulyatorlardan foydalaning;
beshinchidan, g‘alla maydonida yomg‘irlatib sug‘orishni yo‘lga qo‘yib, davlat tomonidan beriladigan subsidiya mablag‘ini oling hamda hosildorlikni 10-12 s/ga oshiring va suvni 35-45 foizga tejang;
oltinchidan, dalangizning suv kirish qulog‘iga 1 tadan handak o‘ra qazib, gektariga 3 tonnadan mahalliy o‘g‘it jamg‘arishni unutmang hamda ichki ariqlarni betonlashtirib, suv sarfini kamaytirishga erishing;
yettinchidan, kechki va unib chikmagan g‘alla maydonlariga quruq, chirigan mahalliy go‘ng sepishni tashkil eting. Bunda, gektariga 20 tonnadan go‘ng qo‘llanilganda kuzgi bug‘doy don hosildorligi 6-12 s/ga oshishi va go‘ng mineral o‘g‘itlar bilan birga qo‘llanilganda samaradorlik yanada yuqori bo‘lishini aslo unutmang;
sakkizinchidan, g‘o‘za qator orasiga ekilgan maydonlarni g‘o‘zapoyadan kesish agregatlari yordamida tozalang, bunda g‘o‘zapoyani qo‘lda sug‘urib olishga yo‘l qo‘ymang;
to‘qqizinchidan, g‘alla maydonlarini chorva mollari tomonidan payhon qilinishidan himoyalang;
o‘ninchidan, aholi xonadonlari va chorva komplekslaridagi mahalliy o‘g‘itlarni jamg‘arib, dalalarga chiqarish, handak o‘ralar qazish ishlarini tashkil eting;
o‘n birinchidan, ob-havoning qulay kunlaridan foydalanib, dala atroflarini, ichki va xo‘jalik ariqlarini tozalashni yakunlang;
o‘n ikkinchidan, har bir fermer xo‘jaligi rahbari g‘allachilik klaster korxonalari bilan hamkorlikda ishlarni yanada jadallashtirib, g‘allaga qo‘shimcha ozuqa berib, yuqoridagi tadbirlarni og‘ishmay amalga oshirib 2026 yil g‘alla hosilini 80-100 sentnerga yetkazib, yuqori daromad olishga erishing;
Aziz fermer va dehqonlar!
Xalqimiz bugun biz dehqon va fermerlarning shijoatimiz, g‘ayrat va matonatimizga ko‘z tikib turibdi. Buni bir zum bo‘lsa-da, yoddan ko‘tarmaylik. Dasturxonimiz to‘kin-sochin, bozorlarimiz noz-ne’matlarga to‘la va arzon, turmushimiz yanada farovon bo‘lishi ayni paytdagi mashaqqatli mehnatimizga bog‘liq.
O‘z daromadingizni oshirishga hamda mamlakatimiz farovonligiga munosib hissa qo‘shish uchun barchangizni sidqidildan ishlashga, fidoyilik namunasini ko‘rsatishga chaqiramiz!
Kattaqo‘rg‘on fermerlari kengashi
Rayosat a’zolari




