Qirg‘iz mahallasidagi mehnatsevar Asomiddin Nurmurodovning muvaffaqiyatga yo‘li
Qirg‘iz mahallasida yashovchi Asomiddin Nurmurodov o‘z uyida ish tashkil qilib, yangi hayot yo‘lini tanladi. Avval u turmush o‘rtog‘i bilan Rossiyada ishlab qaytgan, lekin u yerda ish samarali bo‘lmagan. Vatanga qaytgach, Asomiddin o‘z uyida tadbirkorlik bilan shug‘ullanishga qaror qildi va o‘z mehnati hamda mahalladagi hokim yordamchisi Muzaffar Qudratov ko‘magi bilan muvaffaqiyatga erishdi.
Asomiddin Nurmurodov 5000 bosh bedana olib, ularni o‘z xonadonida parvarish qilishni boshladi. U bedanalardan 2000 boshini go‘sht yo‘nalishida boqib sotdi va yaxshi foyda ko‘rdi. Qolgan 3000 bosh bedana tuxum yo‘nalishida bo‘lib, har kuni 2500-2600 ta tuxum olmoqda. Ushbu faoliyati orqali Asomiddin uyidan chiqmasdan kuniga 1 million so‘mgacha daromad olib, o‘z hayotini yaxshilashga erishmoqda.
Asomiddin o‘z faoliyatini yanada kengaytirish niyatida. U bedanalar sonini 10 000 boshga yetkazishni rejalashtirib, mahalliy bozorni sifatli tuxum va go‘sht mahsulotlari bilan ta’minlashni maqsad qilmoqda.
Asomiddin Nurmurodovning qat’iyati va mehnatsevarligi nafaqat uning oilasiga barqaror daromad keltirmoqda, balki boshqalarga ham o‘ziga ishonch bilan harakat qilishning ahamiyatini ko‘rsatmoqda. U uy sharoitida ham katta natijalarga erishish mumkinligini isbotladi.