Prezident Murojaatnomasi — Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlari
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning Oliy Majlis va ko‘p millatli xalqimizga yo‘llagan navbatdagi Murojaatnomasi mamlakatimiz taraqqiyotida sifat jihatidan yangi bosqich boshlanganini yaqqol namoyon etdi. Ushbu muhim siyosiy hujjat Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida olib borilayotgan izchil islohotlarni yanada chuqurlashtirishga, xalq manfaatlarini ustuvor qo‘yishga qaratilgani bilan alohida ahamiyat kasb etadi.
Barchamizga ma’lum, 2025 yil 26 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Oliy Majlisga va ko‘p millatli xalqimizga navbatdagi Murojaatnoma yo‘llandi. Davlatimiz rahbarining mazkur chiqishi Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi keng ko‘lamli islohotlarni yanada jadallashtirishga xizmat qiladigan muhim siyosiy dastur sifatida e’tirof etildi.
Murojaatnomada iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, ta’lim, sog‘liqni saqlash hamda ijtimoiy himoya tizimlarini yanada takomillashtirish bo‘yicha aniq va manzilli vazifalar belgilab berildi.
Ayniqsa, 2030 yilga qadar sharoiti og‘ir bo‘lgan barcha tuman va mahallalarda “Yangi O‘zbekiston” qiyofasini shakllantirish, hududlarni kompleks rivojlantirish orqali aholi farovonligini oshirish ustuvor maqsad sifatida belgilandi. Bu esa aholi zich joylashgan, iqtisodiy va ijtimoiy salohiyati yuqori bo‘lgan Kattaqo‘rg‘on tumani uchun ham amaliy dastur vazifasini o‘taydi.
Shu munosabat bilan bugun Kattaqo‘rg‘on tumani hokimligi majlislar zalida Prezident Murojaatnomasida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan amaliy seminar bo‘lib o‘tdi. Murojaatnomaning mazmun-mohiyatini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi Maryam Niyazova batafsil tushuntirib berdi. Tadbirda tuman hokimi o‘rinbosarlari, tumandagi korxona va tashkilotlar rahbarlari, mahalla “yettiligi” a’zolari hamda sohalarning mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
Seminar davomida, jumladan, 2026 yilning “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilinishi munosabati bilan belgilangan 6 ta asosiy ustuvor vazifa yuzasidan atroflicha ma’lumot berildi. Shuningdek, sohalar kesimida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar, ijro intizomini ta’minlash hamda mas’ul rahbarlarning vazifalariga alohida e’tibor qaratildi.
Kattaqo‘rg‘on tumani hokimligi
Axborot xizmati




