insurez
09-09-2025 11:47

MUSTAQILLIK YILLARIDA KATTAQO‘RG‘ON TUMANI TARAQQIYOTI


 


O‘zbekiston mustaqillikka erishgan yillardan buyon Kattaqo‘rg‘on tumani ham yurtimizning boshqa hududlari qatori yangi taraqqiyot bosqichiga qadam qo‘ydi. Davlatimizda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar, iqtisodiyot va ijtimoiy hayotda boshlangan yangilanishlar tuman qiyofasida ham yaqqol namoyon bo‘ldi.
So‘nggi o‘ttiz yildan ortiq vaqt mobaynida tumanda sanoat, qishloq xo‘jaligi, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida yirik bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Yangi maktablar, bolalar bog‘chalari, kasb-hunar markazlari, sog‘liqni saqlash muassasalari qurilib foydalanishga topshirildi. Qishloq va mahallalarda ichimlik suvi, gaz, elektr hamda yo‘l infratuzilmalari bosqichma-bosqich yangilandi.
Tadbirkorlik va fermerlik harakatining keng quloch yoyishi natijasida yuzlab yangi ish o‘rinlari yaratildi, aholining turmush darajasi yildan-yilga yuksaldi. Bugun Kattaqo‘rg‘on tumani mustaqillik yillarida erishilgan yutuqlar, mehnatsevar xalqining fidoyiligi va rahbarlarning tashabbuskorligi samarasida yangidan-yangi taraqqiyot bosqichiga ko‘tarilib bormoqda.
KATTAQO‘RG‘ON TUMANI TARIXI – HOKIMLAR MEHNATINING SAMARALI NATIJASI
Bu yillar tarix
Muyassar Shodiyev – 1983-1992 yillarda Kattaqo‘rg‘on tumani rahbari bo‘lgan. O‘tish davri qiyinchiliklarini yengib, qator bunyodkorlik ishlarini amalga oshirda uning xizmatlari salmoqlidir. Yurtimiz mustaqilligining dastlabki yillarida u “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan paxtakor” unvoni bilan taqdirlangan.
Vaqt sinovida
Mardi Nuriddinov – 1936-yilda Yangiqo‘rg‘oncha qishlog‘ida tug‘ilgan. U uzoq yillar Samarqand viloyati “Zarafshon” gazetasi bosh muharriri lavozimida faoliyat yuritgan. 1992–1994-yillarda esa Kattaqo‘rg‘on tumani hokimi sifatida mas’uliyatli vazifani bajarib, tumanning taraqqiyotiga o‘zining munosib hissasini qo‘shgan.
Mardi Nuriddinov tashabbuskorligi, ma’naviyat va ma’rifatni rivojlantirishdagi faolligi bilan keng jamoatchilik e’tiborini qozongan. Uning rahbarligi davrida M-37 yo‘lidan tuman markaziga kirib kelish yo‘li kengaytirilib asfaltlangan. Avvallari bir tomonlama bo‘lib, aholiga noqulaylik tug‘dirgan ushbu yo‘l endi qulay va zamonaviy ko‘rinishga keltirilgan. 
Shuningdek, Payshanba shaharchasida Yo‘ldosh Oxunboboyev nomidagi maydon bunyod etilgan, markazdan olis hududlar gazlashtirilgan.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, hokimlik lavozimi joriy etilgandan so‘ng Mardi Nuriddinov Kattaqo‘rg‘on tumaniga rahbarlik qilgan birinchi hokim bo‘lgan. Avvalgi davrlarda mazkur lavozim “Rayon kengashi raisi” deb yuritilgan edi.
Yillar silsilasida
Saidrasul Ostonov – 1950-yilda tug‘ilgan. 1994-1995-yillarda Kattaqo‘rg‘on tumani hokimi bo‘lgan davrida “Zarafshon”, “Buyuk Turon”, “Moybuloq”, xo‘jaliklarini gazlashtirish qishloq-xo‘jaliklarini rivojlantirishda samarali faoliyat ko‘rsatgan.
O‘zgarishlar manzarasi
Muxtor Yorqulov – 1952-yilda Kattaqo‘rg‘on tumani Chig‘atoy mahallasida tug‘ilgan. 1975-yilda Ukraina Respublikasi Poltava shahridagi Pedagogika institutini tamomlagan. 1996–1998-yillarda Kattaqo‘rg‘on tumani hokimi lavozimida faoliyat yuritib, qator bunyodkorlik ishlari bilan yodda qolgan.
Rahbarlik davrida Payshanba shaharchasining ichki yo‘llari asfaltlashtirildi, tumanda Alisher Navoiy nomidagi bog‘ barpo etildi, bugungi kunda keng faoliyat yuritayotgan Payshanba bozori qurib foydalanishga topshirildi. Shuningdek, tumandagi barcha kolxozlarda obodonlashtirish ishlari olib borilib, qishloq vrachlik punktlari, aholiga xizmat ko‘rsatish obyektlari va maydon komplekslari tashkil etildi.
Eng tahsinga sazovor jihati mustaqillikning dastlabki yillarida, iqtisodiy qiyinchiliklar va byudjet mablag‘lari tanqisligi sharoitida ham Muxtor Yorqulov ishlab chiqarish hajmini oshirish, qo‘shimcha yer maydonlarini o‘zlashtirish hamda tadbirkorlikni rivojlantirish hisobiga tumanning iqtisodiy ahvolini yaxshilashga muvaffaq bo‘ldi.
Mehnat va mas’uliyat namunasi
Mirzayor Xudoyorov– 1956-yilda Pastdarg‘om tumanida tug‘ilgan. Katta hayotiy tajribaga ega bo‘lgan Mirzayor Xudoyorov 1999-yil yanvar oyida Kattaqo‘rg‘on tumani hokimi etib tayinlanib, tumanning ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga qaratilgan ulkan vazifalarni bajarishga kirishdi.
Uning rahbarligi davrida kasb-hunar kolleji, Yodgorlik maydoni, Motamsaro ona haykali majmuasi barpo etildi. Shu bilan birga, tumanda ko‘plab korxonalar, yo‘llar va boshqa ijtimoiy inshootlar qurilib foydalanishga topshirildi.
1999-yil dekabr oyida tuman mehnatkashlari Mirzayor Xudoyorovga yuksak ishonch bildirib, uni ikkinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati etib sayladilar.
************************************************************************-
Ma’rifatga qaratilgan e’tibor
Mamasharif Abdullayev – 1957-yilda Oqdaryo tumanida tug‘ilgan. 2002–2004-yillarda Kattaqo‘rg‘on tumani hokimi lavozimida faoliyat yuritgan.
Uning rahbarligi davrida ta’lim sohasiga alohida e’tibor qaratildi. Tumandagi maktablarda obodonlashtirish va ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, ayniqsa markazda joylashgan ta’lim maskanlari zamonaviy qiyofaga keltirildi.
Eng uzoq muddat hokimlik qilgan rahbar
Pirmat O‘sarov – 1960-yilda Jomboy tumanida tug‘ilgan. Mutaxassisligi iqtisodchi bo‘lib, 1983-yilda Toshkent qishloq xo‘jaligi institutini tamomlagan. U avval Jomboy tumani hokimi o‘rinbosari, hokimi, shuningdek, Samarqand viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat yuritgan. 2004-yil iyun oyida Kattaqo‘rg‘on tumani hokimi etib tayinlanib, tumanning taraqqiyoti yo‘lida samarali faoliyat olib borgan.
Pirmat O‘sarov rahbarlik qilgan yillarda tumanning ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga sezilarli hissa qo‘shildi. Xususan, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish, tadbirkorlikni rivojlantirish va fermer xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash orqali aholining turmush darajasini yaxshilashga erishildi.
Uning tashabbusi bilan hashar va homiylik asosida qator bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Jumladan, 33-, 44-, 89- va 95-umumta’lim maktablari qurib ta’mirlandi, Moybuloq, Qo‘shtepa, Mundiyon, Vayrot va Nomozpolvon hududlarida yangi kasb-hunar hamda pedagogika kollejlari barpo etildi. Shuningdek, Payshanbadan Kadangacha yo‘l qurilishi ham uning tashabbusi bilan amalga oshirildi.
Madaniyat va sportga yangi nafas
Saparali Azimov– 1962-yilda Toshkent viloyatining Bekobod tumanida tug‘ilgan. U ilgari Qo‘shrabot tumani hokimining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan. 2014-yilda Kattaqo‘rg‘on tumani hokimi etib tayinlangan.
Saparali Azimovning hokimlik yillari tumanning ijtimoiy hayotida o‘ziga xos iz qoldirgan. Avvalo, yoshlarga e’tibor qaratilib, tuman markazidagi “Yoshlik” o‘yingohi qayta ta’mirlanib foydalanishga topshirildi, yangi sport maktabi qurilishi boshlandi. Shuningdek, tumanda joylashgan Muhammad Amir Naqibbek madrasasi ham qayta ta’mirlanib foydalanishga topshirildi. Muminxo‘ja mahallasi esa uning davrida chiroy ochib, obod maskanga aylandi.
Qishloq xo‘jaligi sohasida ham yuksak natijalarga erishildi. Paxta va g‘alla yetishtirish bo‘yicha tuman ko‘rsatkichlari respublika miqyosida ilg‘orlar safidan munosib o‘rin oldi.
Xudoyberdi Azzamov – 1961-yilda Samarqand viloyati Samarqand tumanida tug‘ilgan. Hokimlik faoliyatiga qadar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati sifatida ishlagan. 2017-yilda Kattaqo‘rg‘on tumani hokimi lavozimiga tayinlangan.
U qisqa muddat — olti oy davomida tumanga rahbarlik qilgan. Salomatligi yomonlashgani sababli o‘z arizasiga ko‘ra lavozimdan ketib, boshqa ishga o‘tgan.
“30 yil oldin aholining yarmi qishloq yo‘llaridan piyoda yurishga majbur edi, bugun esa barcha mahallalar asfalt bilan qoplangan
A’zamxon Baxramov–1960-yilda Jizzax viloyati G‘allaorol tumanida tug‘ilgan. 2017–2020-yillarda Kattaqo‘rg‘on tumani hokimi bo‘lib faoliyat yuritgan.
Uning hokimligi davrida tumanda keng ko‘lamli obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi: ichki yo‘llar kengaytirilib shag‘allashtirildi, markaziy magistral yo‘llar ta’mirlanib zamonaviy yoritgichlar o‘rnatildi, sement zavodi qurilishi boshlandi. Tadbirkorlik rivojlanib, Mundiyon mahallasida Turkiyalik investorlar tomonidan tikuv fabrikasi qurilishi boshlandi, Kattaming, Valijon va Mundiyon qishloqlari “Obod qishloq” dasturi asosida yangilandi. Qishloq xo‘jaligi sohasi ham sezilarli darajada yangilandi, xorijdan zamonaviy texnika va uskunalar olib kelindi.
A’zamxon Baxramov hokimligi yillarida Kattaqo‘rg‘on tumani sanoat, ishlab chiqarish va boshqa ko‘plab sohalarda viloyatda ilg‘orlar safidan joy oldi. Baxramovning fidokorona xizmatlari yuksak qadrlanib, Prezidentimiz tomonidan “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi.
Kattaqo‘rg‘on kelajakka yangi rejalar bilan qadam qo‘ymoqda
Jamshid Nasriddinov– 1978-yilda Kattaqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. U viloyat hokimligi qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib, 2020-yil 24-noyabrdan Kattaqo‘rg‘on tumani hokimi etib tayinlangan.
A’zamxon Baxramovning shogirdi sifatida u hokimlik faoliyatini davom ettirib, ko‘plab ezgu tashabbuslarni hayotga tatbiq etdi. Nasriddinov rahbarligida Andoqsoy so‘lim maskanida turizm markazi barpo etilib, suv hovuzi zamonaviy dam olish va sayyohlik maskaniga aylantirildi. Sement zavodi ishga tushirilib, tumanda sanoat salohiyatini yuksaltirishda muhim qadam qo‘yildi. Markazda salomatlik yo‘laklari barpo qilindi, Yonboshsoy, Chuyanchi va Melixo‘ja qishloqlari “Obod qishloq” dasturi doirasida yangicha qiyofa kasb etdi.
Shuningdek, tumanda ko‘p qavatli uylar qad rostlab, qishloq xo‘jaligiga tomchilatib sug‘orish kabi zamonaviy texnologiyalar joriy etildi, buning natijasida yuqori hosildorlikka erishildi. Ta’lim muassasalari bosqichma-bosqich ta’mirlanmoqda, tibbiyot markazi qayta ta’mirlandi. Barcha maktablarga olib boruvchi yo‘llarda piyodalar yo‘laklari qurilmoqda, olis mahallalarga boruvchi yo‘llar asfaltlandi.
Xitoy Xalq Respublikasi Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni bilan mustahkam hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, birodarlik aloqalari yanada rivojlantirildi.
****************************************************************
27 yil davomida tuman hokimiyatida ishlagan, ko‘p yillar hokimning o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan Ne’mat Rasulov:
– Sizningcha, qaysi hokimning faoliyati samarali bo‘lgan?
– Muhtor Yorqulov qisqa vaqt rahbarlik qilgan bo‘lsa-da, tumanga foyda keltiradigan ko‘plab ishlarni amalga oshirdi.
A’zamxon Baxramovning bunyodkorlik ishlari kattaqo‘rg‘onliklar xotirasida bir umr saqlanib qoladi.
Jamshid Nasriddinov esa kreativ fikrlaydigan, mehnatkash va fidoyi hokim sifatida e’tirof etiladi.
Ilhom Fayziyev ta’kidlashicha:
Saparali Karimov rahbarligi davrida XVIII asrda Buxoro amiri noibi Muhammad Amir Naqibbek tomonidan qurilgan Muhammad Amir Naqibbek madrasasi ta’mirlanib, obod qilingan. Bu maskan nafaqat yurtimizning bebaho madaniy merosi, balki Kattaqo‘rg‘on tumani tarixiga oid muhim moddiy va ma’naviy yodgorlik sifatida qayta tiklanib, obod maskanga aylantirildi.
Mirza bobo, Sho‘r qishlog‘i:
— Sebuston mahallasi, Sho‘r qishlog‘i ahli — yoshu kattasi hokim Jamshid Nasriddinovdan bir umr minnatdor. Chunki tog‘ yon bag‘rida, markazdan ancha olis joylashgan qishlog‘imizga birinchi bor kelgan hokim aynan u kishi bo‘ldi. Yo‘llarimiz ahvolini ko‘rib, ko‘chalarimizni asfalt qildirdi. Oldin markazga borish juda mashaqqatli edi, endi esa yo‘llarimiz ravon va qulay.

 

Teglar
- -