insurez

|

Ko'zi ojizlar uchun sayt versiyasi
17-12-2025 08:40

Kattaqo‘rg‘onlik tadbirkorlar Quvaytdagi “Uzbek Food Festival”da ishtirok etmoqda


Quvayt davlatida ilk bor o‘tkazilayotgan “Uzbek Food Festival” doirasida O‘zbekistonning boy agrar salohiyati, milliy oziq-ovqat mahsulotlari hamda eksport imkoniyatlari keng jamoatchilikka namoyish etilmoqda. Mazkur nufuzli tadbir mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Yaqin Sharq bozoriga olib chiqish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.

Joriy yilning 13–15-dekabr kunlari Quvaytdagi O‘zbekiston elchixonasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamkorligida tashkil etilgan festivalda 20 dan ortiq yirik o‘zbekistonlik eksportchi ishtirok etib, 200 dan ziyod turdagi oziq-ovqat mahsulotlari taqdim etilmoqda. Tadbir mehmonlari o‘zbek mahsulotlarining sifati, tabiiyligi va raqobatbardoshligi bilan yaqindan tanishmoqda.

Quvonarlisi, festival doirasida Kattaqo‘rg‘on tumanida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar ham yirik eksport shartnomalarini imzoladi. Jumladan, “Fayz Bashirbek Yuksalish” MChJ rahbari Nodirbek Saparov tomonidan 700 ming AQSh dollari, “Shodiyonabegim” MChJ rahbari Muhriddin Saparov tomonidan esa 500 ming AQSh dollari miqdorida mayiz, mosh va fasol mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Shuningdek, festival arafasida Quvaytning yirik savdo tarmoqlari — “Sultan Center” va “City Hypermarket” rahbariyati bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar kelgusida o‘zbek mahsulotlarini ushbu bozorlar orqali doimiy yetkazib berish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilmoqda.

Mazkur festival Kattaqo‘rg‘onlik tadbirkorlarning tashqi bozorlardagi ishonchini mustahkamlab, mahalliy mahsulotlarning xalqaro maydondagi nufuzini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
 

Teglar
- -