Kattaqo‘rg‘onda kuz faslida qulupnay pishdi
Kattaqo‘rg‘on tumanida qulupnaychilik sohasi izchil rivojlanmoqda. Endilikda bu daromadli va bozorbop yo‘nalish faqat bahor mavsumida emas, balki kuz faslida ham mo‘l hosil bilan quvontirmoqda.
Ma’lumki, tumanda aholiga 1916 gektar yer maydoni dehqon xo‘jaliklari sifatida ajratilgan bo‘lib, bu hududlarda 5 mingdan ortiq oila turli qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish bilan band. Ayni vaqtda ular orasida qulupnaychilikka ixtisoslashgan dehqonlar soni yil sayin ortib bormoqda.
Valijon mahallasida istiqomat qiluvchi tashabbuskor fuqaro Nurkuvvatov Asomiddin tajriba asosida “Charli” navli qulupnayni 60 sotix yer maydonida parvarishlamoqda. Ushbu navning afzalligi shundaki, bahorda birinchi hosilni bergandan so‘ng, sentyabr va oktyabr oylarida yana ikkinchi marta mevalar pishib yetiladi. Bu esa dehqon uchun yilning ikki faslida ham daromad olish imkonini yaratadi.
— Biz yetishtirgan qulupnayning har kilosi o‘rtacha 40-45 ming so‘mdan sotilmoqda. “Charli” navi serhosilligi, mazaliligi va uzoq saqlanish xususiyati bilan ajralib turadi, — deydi Asomiddin Nurkuvvatov.
Hozirda tumandagi bir qancha dehqon xo‘jaliklari va tomorqa egalari “Charli”, “Toshkent”, “Viktoriya” kabi navlarni sinab ko‘rishmoqda. Tajriba natijalari shuni ko‘rsatmoqdaki, to‘g‘ri agrotexnika va parvarish orqali qulupnaydan yuqori hosil olish mumkin.
Bunday tajribalarni ko‘paytirish, yer maydonlaridan samarali foydalanish, aholi daromadini oshirish va kelgusida eksportbop qulupnay yetishtirish — Kattaqo‘rg‘on qulupnaychilari oldidagi navbatdagi muhim vazifadir.