📄 Kattaqo‘rg‘onda “Bir qishloq – bir mahsulot” dasturi doirasida JICA ekspertlari tashrifi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) bilan hamkorlik munosabatlarini yanada kengaytirish hamda mamlakatimizda “Bir qishloq – bir mahsulot” dasturini bosqichma-bosqich amalga oshirish belgilangan.
Mazkur dastur doirasida joriy yilning 10-sentyabri kuni JICAning bir guruh ekspertlari Kattaqo‘rg‘on tumaniga tashrif buyurishdi. Tashrif davomida mehmonlar tuman rahbarlari hamrohligida hududimizdagi imkoniyatlar bilan tanishdilar, xususan: mahalliy organik mahsulotlar yetishtirish va qayta ishlash jarayonlari, hunarmandchilik buyumlari tayyorlash va ularni zamonaviy texnologiyalar asosida qadoqlash, milliy mahsulotlarni xorijiy bozorga olib chiqish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Ekspertlar mahalliy tadbirkorlar va aholi tashabbuslariga katta qiziqish bilan yondashib, mavjud imkoniyatlarni o‘rganishdi. Uchrashuvlar chog‘ida hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi va JICA mutaxassislari tomonidan qator amaliy takliflar berildi.
Mutaxassislarning fikricha, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi organik mahsulotlar va hunarmandchilik buyumlari xalqaro bozorda raqobatbardosh bo‘lishi mumkin. Shu bois, ularni to‘g‘ri qadoqlash, marketing va eksport yo‘nalishlarida qo‘shma ishlar tashkil etish zarurligi ta’kidlandi.
👉 JICA ekspertlarining ushbu tashrifi tumanimizda “Bir qishloq – bir mahsulot” dasturini samarali amalga oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, mahalliy mahsulotlar sifatini va raqobatbardoshligini oshirish yo‘lida muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.