Kattaqo‘rg‘on tumanida tibbiyot xodimlari kuni keng nishonlandi
Kattaqo‘rg‘on tumanida tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan Istiqlol bazmgohida tantanali tadbir o‘tkazildi. Unda tibbiyot sohasining fidoyi xodimlari, faxriylari, tumanning faollari ishtirok etdi.
Tadbir davomida tuman hokimi Jamshid Nasriddinov va viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Suxrob Zayniyev so‘zga chiqib, tibbiyot xodimlarini kasb bayrami bilan samimiy tabrikladi. U o‘z nutqida tuman tibbiyotida amalga oshirilayotgan islohotlar va zamonaviy tibbiy xizmatlarni aholiga yanada yaqinlashtirishga qaratilgan loyihalar haqida to‘xtaldi hamda tibbiyot xodimlarining mehnati va mas’uliyatini alohida e’tirof etdi.
Shuningdek, tadbirda tibbiyot sohasiga qo‘shgan hissasi va ko‘rsatgan fidokorona mehnati uchun bir qator soha vakillariga tashakkurnomalar va esdalik sovg‘alari taqdim etildi.
Tadbir ko‘tarinki kayfiyatda o‘tdi, unda estradamizning yorqin yulduzi Gulinur va so‘z ustasi Ortiq Sultonov hamda tumanimiz madaniyat xodimlari o‘z konsert dasturlari bilan qatnashib, ishtirokchilarga quvonch ulashdilar.