Kattaqo‘rg‘on futbolchilaridan yorqin g‘alabalar: Viloyat chempionligi va kubogi qo‘lga kiritildi!
Kattaqo‘rg‘on tumani Yoshlik o‘yingohida bo‘lib o‘tgan muhim o‘yinda jamoamiz Oqtosh PK jamoasini 7:0 hisobida mag‘lub etdi. Bu g‘alaba futbolchilarning jamoaviy o‘yini qanchalik mukammal ekanligini yana bir bor ko‘rsatdi.
"Samarqand viloyati futbol assosiatsiyasi" tomonidan tashkil etilgan “JÖGEL FUTBOL 2-LIGA SAMARKAND – 2025” musobaqasida Kattaqo‘rg‘on jamoasi mavsum davomida yetakchilar safida bo‘ldi. 30 ta o‘yinda 137 ta gol jamoa 75 ochko bilan viloyat chempionligini qo‘lga kiritdi.
Futbolchilarni taqdirlash marosimida tuman hokimi Jamshid Nasriddinov, Samarqand viloyat futbol assosiatsiyasi birinchi vise-prezidenti Nodir Mardonov ishtirok etib, futbolchilarga medallar va estalik sovg‘alarini topshirdi. Jamoaga Javohir Kuchimov murabbiylik qildi.
Yaqinda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan “Samarqand viloyati kubogi – 2025” final uchrashuvida Kattaqo‘rg‘on tumani jamoasi “Jomboy omadi” jamoasiga qarshi kechgan keskin bellashuvda 4:2 hisobida g‘alaba qozonib, viloyat kubogini ham qo‘lga kiritdi.
Endilikda jamoamiz Jizzax shahrida o‘tkaziladigan “1-ligaga chiqish” turnirida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi. Barcha futbolchilarga kelgusi o‘yinlarda ham omad va zafarlar tilaymiz!




