insurez
19-12-2024 08:35

Ijtimoiy soha ob’yektlari isitilishini deputatlar va mahalla raislari nazorat qiladi


"Ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalarida qulay sharoit — farovon hayotning asosidir".

Sovuq qish kunlari kirib kelishi bilan mamlakatimiz bo‘ylab isitish tizimiga bo‘lgan talab oshadi. Joylardagi ijtimoiy soha ob’yektlarining, jumladan, ta’lim va tibbiyot muassasalarining qishgi mavsumga tayyorligini ta’minlash bugungi kunning eng muhim vazifalaridan biri hisoblanadi.

Kattaqo‘rg‘on tumanida qish mavsumi oldidan ijtimoiy ob’yektlarning isitish tizimlari holati Xalq deputatlari Kattaqo‘rg‘on tuman Kengashi deputatlari tomonidan ko‘zdan kechirildi. Tekshiruv doirasida 106 ta maktab, 69 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti va tibbiyot muassasalarining qozonxonalari hamda isitish tizimlarining ishlashi har tomonlama tahlil qilindi.

O‘rganish davomida qator muammolar qayd etildi. Masalan, 18-maktabning bir sinf xonasida isitish tizimi ishlamayotganligi, 26-maktabdagi ikki qozonxona nosozligi, 100-maktab qozonxonasida suv nasosining ishlamayotganligi aniqlandi. Umumiy hisobda 15 dan ortiq kamchiliklar qayd etildi.

Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan mas’ullar tomonidan amaliy choralar ko‘rildi. Barcha tizimlarning to‘liq ishlashi ta’minlanib, qish mavsumiga tayyorlik to‘liq nazoratga olindi.

Bu tadbirlar nafaqat ijtimoiy ob’yektlarda faoliyat samaradorligini oshirish, balki aholi uchun qulay va xavfsiz sharoit yaratishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlarning bir qismi sifatida katta ahamiyat kasb etadi.

 

Teglar
- -