Bola huquqlari – ustuvor masala: O‘zbekistonda xalqaro majburiyatlarni bajarish yo‘lida amaliy qadamlar
Bola har bir jamiyatning kelajagi bo‘lib, uni asrash, huquq va erkinliklarini ta’minlash har bir davlatning asosiy vazifalaridan biridir. Shu ma’noda, BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi xalqaro miqyosda bola huquqlarini himoya qilishning asosiy hujjati bo‘lib xizmat qilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi ham ushbu konvensiyaning to‘laqonli ijrosini ta’minlash borasida doimiy ish olib bormoqda.
Bola huquqlarini ta’minlash masalasi dolzarb bo‘lib, BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Beshinchi davriy ma’ruzasini ko‘rib chiqish yakunlari yuzasidan BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi tomonidan tavsiyalar berilgan edi. Mazkur tavsiyalarni hayotga tatbiq etish, bola huquqlari va erkinliklarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi tomonidan tegishli qaror qabul qilindi.
Shu bilan birga, 2024–2027-yillarga mo‘ljallangan milliy harakatlar rejasi tasdiqlandi. Ushbu reja bolalar manfaatlarini ta’minlash, ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan qator aniq chora-tadbirlarni o‘z ichiga oladi.
Harakatlar rejasi ijrosining samaradorligini oshirish maqsadida, Inson huquqlari sohasida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi bo‘yicha Parlament komissiyasi va Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan muntazam monitoring olib borilmoqda. Bu jarayon bolalarning huquq va erkinliklarini kafolatlash, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Xulosa qilib aytganda, bolalar huquqlarini ta’minlash nafaqat davlat, balki jamiyatning har bir a’zosining burchidir. Kelajagimiz egalari bo‘lgan bolalarning baxtli hayoti, to‘laqonli rivojlanishi va huquqlarining ta’minlanishi uchun barchamiz mas’ulmiz.
Ilyos DONIYOROV, jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumani sudining raisi