insurez
10-12-2024 08:58

Adiz Boboyev Kattaqo‘rg‘on tumaniga keldi


Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev Kattaqo‘rg‘on tumaniga kelib, hududda amalga oshirilayotgan ishlar va rivojlanishga qaratilgan yangi loyihalar bilan tanishdi.

Dastlab viloyat hokimi Mo‘llako‘rpa mahallasida bo‘lib, tumanning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, Payshanba shaharchasini rivojlantirish bo‘yicha master-reja va yangi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Mazkur reja tumanning infratuzilmasini mustahkamlash va aholi farovonligini oshirishga qaratilgan.

Shundan so‘ng, Adiz Boboyev "Agrobreding" chorvachilik fermer xo‘jaligi faoliyatini ko‘zdan kechirdi. Fermer xo‘jaligi rahbari Husniddin Ernazarov hozirda 30 bosh Golshten zotli sut yo‘nalishidagi qoramollar parvarishlanayotgani va kelgusida chorvachilikni yanada kengaytirish rejasi borligini ma’lum qildi.

Shuningdek, "Kattaqo‘rg‘on elektrotexnika zavodi" ham diqqat markazida bo‘ldi. Zavod yiliga 1200 dona import o‘rnini bosuvchi transformator ishlab chiqaradi. Bu yerda 120 kishi, jumladan, 50 nafar ayol ish bilan ta’minlangan. Zavod mas’ullari zavodning keyingi rejalari haqida gapirar ekan, Melixo‘ja mahallasida zamonaviy va energiya tejamkor transformatorlar ishlab chiqarishni boshlashni rejalashtirganini ta’kidladi. 45 million dollarlik bu loyiha 500 ta yangi ish o‘rni yaratishni ko‘zda tutadi.

Adiz Boboyev mazkur tashabbuslarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishi uchun mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.

 

Teglar
- -